Burak O‘zchivit yangi serialda hamkasbining rolini tortib olgani rostmi?

Turk seriallari muxlislarini yangi telemavsumda qator premeralar kutmoqda. Eng katta qiziqish uyg‘otayotgan loyihalardan biri esa “Quyosh chiqadigan joy” seriali bo‘lib turibdi. Biroq suratga olish ishlari boshlanishi arafasida sodir bo‘lgan kutilmagan o‘zgarish muxlislarni hayratda qoldirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, serialda bosh erkak qahramon obrazini ijro etishi rejalashtirilgan aktyor Ug‘ur Gunesh loyihani tark etgan. Uning o‘rnini esa mashhur aktyor Burak O‘zchivit egallagan.
Hozircha prodyuserlar ushbu vaziyat bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Biroq Ug‘ur Gunesh ijtimoiy tarmoqlarda e’tiborni o‘ziga tortgan bir nechta postlarni joylashtirib, rolidan aynan Burak O‘zchivit sabab ayrilganiga ishora qilgan.

Avvaliga aktyor «Birovning haqqiga ko‘z olaytirgan insonning vijdonini na Makka, na so‘fiylar maskani poklay oladi», degan mazmundagi hikmatni ulashdi. Oradan ko‘p o‘tmay esa «Hali ham to‘ymading, hech qachon to‘ymaysan», degan yozuvni e’lon qildi.
Garchand aktyor hech kimning nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, muxlislar bu gaplar Burak O‘zchivitga qaratilgan deb hisoblamoqda.
Jurnalist Birsen Altuntash ma’lum qilishicha, Burak O‘zchivit serial ssenariysi bilan tanishib chiqqan va Kenan obrazi unga juda ma’qul kelgan. Shundan keyin aktyor prodyuserlarga aynan ushbu rolni ijro etish istagini bildirgan.

Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, shu voqeadan keyin Ug‘ur Gunesh loyiha tarkibidan chiqarilgan.
Burak O‘zchivit esa hozircha bu vaziyat yuzasidan hech qanday bayonot bermagan.
Muxlislarning yana bir e’tirozi shundaki, 41 yoshli Burak serialda aktrisa Sibel Toshchiog‘lu ijro etadigan qahramonning o‘g‘li rolini o‘ynaydi. Aktrisaga esa kelasi oy 50 yosh to‘ladi.
Shu sababli ayrim tomoshabinlar bunday kasting tanlovini ishonarsiz deb baholamoqda.

Ug‘ur Gunesh muxlislari esa allaqachon serialni boykot qilishga chaqirishmoqda. Turk seriallari ixlosmandlari esa prodyuserlar yaqin kunlarda ushbu mojaro bo‘yicha rasmiy bayonot berishlariga umid bildirmoqda.






























Izohlar 0
…