Merilin Monro o‘limiga oid yangi sirli tafsilotlar ochiqlandi

Oradan 60 yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, mashhur aktrisa Merilin Monroning o‘limi bilan bog‘liq bahslar yana kun tartibiga chiqdi. “Mashhurlar jinoyat joyi: Merilin Monro” nomli yangi hujjatli film voqeaning rasmiy xulosasiga shubha uyg‘otuvchi bir qator taxminlarni ilgari surdi.
Film mualliflarining fikricha, aktrisa topilgan xonadagi ayrim holatlar shubhali ko‘rinadi. Xususan, xona juda tartibli bo‘lgani va dori flakonlari sinchiklab joylashtirilganiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayrim ekspertlar bu holat dori vositalarini me’yordan ortiq qabul qilish bilan bog‘liq o‘limlar uchun odatiy emasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Monro organizmida ko‘p miqdorda dori moddalari aniqlanganiga qaramay, uning karavoti yonidan suv stakani topilmagani ham yangi savollarni keltirib chiqargan.
Hujjatli filmda Merilin Monroning AQSH prezidenti Jon F. Kennedi va uning ukasi Robert F. Kennedi bilan bo‘lgan munosabatlari haqidagi ko‘p yillik mish-mishlarga ham alohida o‘rin berilgan. Mualliflar ushbu aloqalar aktrisa hayotining so‘nggi davrida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Shu bilan birga, jurnalist Sid Skolskiyning so‘zlari ham keltirilgan. Uning aytishicha, u Monro bilan vafotidan sal oldin suhbatlashgan va aktrisa Kennedi aka-ukalaridan biri bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini aytgan.

Biroq hujjatli filmda keltirilgan taxminlarning hech biri rasman tasdiqlanmagan. Ularning aksar qismi eski guvohliklar, turli farazlar va o‘nlab yillar davomida muhokama qilinib kelayotgan fitna nazariyalariga asoslangan.
Eslatib o‘tamiz, Merilin Monro 1962 yil 5 avgust kuni 36 yoshida vafot etgan. Rasmiy xulosaga ko‘ra, uning o‘limiga barbiturat dorilarini me’yordan ortiq qabul qilgani sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, aktrisaning o‘limi bilan bog‘liq sirlar hozirgacha jamoatchilik va tadqiqotchilar diqqat markazida qolmoqda.






























Izohlar 0
…