Shahzoda Muhammedova: "Ronalduga xat yozdim..." (video)

Dizayner va boshlovchi Shahzoda Muhammedova Instagram sahifasi orqali O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib, hatto Krishtianu Ronalduga ramziy tarzda xat yozganini ma’lum qildi.
Muhammedovaning aytishicha, u Ronalduni futbol tarixidagi eng buyuk sportchilardan biri deb biladi va unga ingliz tilida o‘z munosabatini yozib qoldirgan.
“Men Ronaldudan: 'Siz afsonaviy odamsiz, ustoz darajasidagi insonsiz. Bizning o‘zbekistonlik futbolchilar esa endi yetishib chiqayotgan yangi avlod. Ular ham sizning yoshingizga yetganida xuddi shunday yutuqlarga erishishi va yirik natijalarni qayd etishi mumkin', deb yozdim”, — dedi u.
Shahzoda Muhammedova Ronalduni tirik afsona deb atab, uning futbol tarixidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
“Ertaga bu inson olamdan o‘tsa, butun dunyo uni eslaydi. Ko‘pchilik uning davrida yashaganidan faxrlanadi. Bizning futbolchilarimiz esa ana shunday afsona bilan bir maydonda to‘p tepdi. Bu hammaga ham nasib qilavermaydi”, — dedi dizayner.
U bu holatni san’at va moda olamidagi yirik yulduzlar bilan bir sahnada chiqish qilishga qiyosladi.
“Xuddi Munisa Rizayeva yoki Rayhon Jennifer Lopez, Shakira yoki Beyonse bilan bitta konsertda duet kuylagandek. Yoki men dizayner sifatida Chanel, Versace yoki Dolce & Gabbana kabi mashhur brendlar bilan bir podiumda ishtirok etgandek holat”, — deya fikr bildirdi u.
Muhammedova o‘yin natijasidan xafa bo‘lmaganini ham alohida ta’kidladi.
“Men umrimda birinchi marta futbol ko‘rdim. Futbolni tushunmayman, futbolchilarni ham deyarli tanimasdim. Faqat Odil Ahmedovni tanirdim. Ammo Ronaldu, Abduqodir va Abbos kabi futbolchilar meni futbol tomosha qilishga qiziqtira oldi. Hatto oilamiz bilan birga ilk bor futbol ko‘rdik. Maydonga Ronaldu sherdek, bizning futbolchilarimiz ham sherdek chiqib kelganini ko‘rib, hayratlandim. Bu haqiqiy mo‘jiza edi”, — dedi u.
Uning ushbu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda iliq kutib olindi. Kuzatuvchilar dizaynerning samimiy mulohazalarini qo‘llab-quvvatlab, izohlarda o‘zbekistonlik futbolchilarga minnatdorlik va dalda so‘zlarini yozib qoldirishdi.






























Izohlar 0
…