Xonzoda Do‘stova: “Sabr qilgan oilaning poydevori mustahkam bo‘ladi”

Xonanda va vaynchi Xonzoda Do‘stova "Chotki TV" ko‘rsatuvidagi suhbat davomida oilasi va onasidan olgan tarbiyasi haqida samimiy fikrlarini bildirdi. San’atkor onasi yoshligida turmush o‘rtog‘i bilan ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirganini, biroq hech qachon turmush o‘rtog‘ini kamsitmaganini eslab gapirib berishini aytdi.
Xonzodaning so‘zlariga ko‘ra, onasi: "Mening otamning qo‘sha-qo‘sha uylari bo‘lgan. Lekin otang bilan kvartirada yashaganmiz. Ba’zan uy egalari 'ertaga uyni bo‘shatasizlar', derdi. Narsalarimizni yig‘ishtirib, yana boshqa kvartira izlab ketardik. Shunday og‘ir kunlarni ko‘rganman. Ammo biror marta ham otangning yuziga 'men falonchining qiziman, otamning uylari bor' deb ta’na qilmaganman. Sabr qilganmiz, mehnat qilganmiz va oxiri o‘z uyimizni olganmiz", deya ko‘p bora nasihat qilganini ta’kidladi.
Xonandaning aytishicha, ota-onasi unga hamisha "Turmush o‘rtog‘ingni hurmat qil, sabrli bo‘l. Sabr qilsang, oilang mustahkam bo‘ladi", degan tarbiyani bergan. Uning fikricha, ayrim ota-onalar qizlariga oilada talab qilish va shart qo‘yishni o‘rgatsa, ularning xonadonida aksincha, hurmat va sabr eng muhim qadriyat sifatida singdirilgan.
Mazkur suhbat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Izohlarda ko‘plab foydalanuvchilar Xonzodaning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, oilada o‘zaro hurmat va sabr eng muhim fazilatlardan biri ekanini ta’kidlashdi.






























Izohlar 0
…