Afsonaviy Amir Temur ko‘prigining yangi qiyofasi (FOTO)
Qarshi shahrida Buyuk Amir Temur tomonidan barpo etilgan ko‘prik qaytadan rekonstruksiya qilindi. 5 iyun kuni ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan xiyobon O‘zbekiston mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Bu haqda "Kun" nashri xabar qiladi.
Prezidentimiz Islom Karimov 2015 yil 30 iyun kuni viloyatga tashrifi chog‘ida mazkur maskanni xalqimiz dam oladigan go‘zal va zamonaviy xiyobonga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan. O‘tgan qisqa vaqt ichida bu erda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Qashqadaryo daryosida uchta to‘g‘on qurildi. Qirg‘oq bo‘yidagi eski binolar o‘rnida go‘zal xiyobon bunyod etildi. Daryo sohili bo‘ylab kemalar to‘xtaydigan to‘rtta joy qurilib, yoritish ustunlari o‘rnatildi. Bu erda 51 katamaran, 2 turistik kater va 4 attraksion xizmat qiladi.
Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab 14 kottej, 4 kafe-bar, bolalar maydonchalari, 4 sun’iy qoplamali sport maydonchasi barpo etildi.
Qadimda Qashqadaryo daryosining ikki qirg‘og‘ini bog‘lagan mazkur ko‘prik 700 yillik tarixga ega. O‘rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Evropa bilan birlashtiruvchi muhim karvon yo‘llari o‘tgan.

Yangilangan ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan ko‘rkam sayilgoh nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki chet ellik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanishi tabiiy.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing