21:30 / 28.08.2023
492

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar

O‘zboshimcha qurilgan konstruksiyalarga “reyd” va madaniy obyektlar himoyasi

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab reja-grafik asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va hokimliklar tomonidan:

-        seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi 3 va 4 toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;

-        ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori bilan Madaniy meros agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va mahalliy hokimliklar 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab reja asosida hududlarning (viloyat, tuman, shahar) bosh rejalari madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishga oid talablarga muvofiqligini tekshiradi.

Sanoat korxonalarining “yashil belbog‘i” va ekolog talabalar uchun stipendiyalar

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir prezident farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir yirik sanoat korxonasi (atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi) tomonidan o‘z va tutash hududlarida tegishli vazirlik bilan kelishilgan loyiha asosida uch yil davomida “yashil belbog‘”lar barpo etishni boshlashi kerak.

Prezidentning tegishli qaroriga asosan, 2023 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.

Bunda, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarida, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talablarga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarida Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiyalar tayinlanadi.

Energetika sohasidagi huquqbuzarliklar haqida ham xabar berish mumkin

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan aholi tomonidan Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Xususan, huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan materialdagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash vazirlik hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Banklar ustav kapitali 2 barobarga oshiriladi

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra:

  • 2023 yil 1 sentyabrdan e’tiboran bank ustav kapitalining eng kam miqdori ikki yuz milliard so‘m;
  • 2024 yil 1 apreldan e’tiboran — uch yuz ellik milliard so‘m;
  • 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran — besh yuz milliard so‘m bo‘lishi kerak.

Hozirda bankning eng kam ustav kapitali 100 milliard so‘m.

Sayyohlik firmalariga yengilliklar

“Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi prezident qarori asosida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi talablar bekor qilinadi:

-        tur-agentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi;

-       turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi.

Sudlanganlikni bepul “olib tashlash” va advokat yordamchilari

Prezidentning tegishli qaroriga asosan, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.

Shuningdek, sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini amalga oshirishga doir hujjat asosida 2023 yil 1 sentyabrdan OTMlarda yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat beriladi.

Bolalarga tekin muzey, asal va “O‘zbektelekom” haqida

2023 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etiladi.

Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga doir hukumat qarori asosida 2023 yil 1 sentyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi – Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik iste’mol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasini ko‘rib chiqadi.

Tegishli davlat tashkilotlarining takliflariga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan “O‘zbektelekom” AK ustav fondining 2 foizi miqdorigacha qo‘shimcha oddiy aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO)ga ruxsat beriladi.

Ayollarning mehnat huquqi himoyasi va nogironlarga yengilliklar

Hukumatning tegishli qarori bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023 yil 1 sentyabrdan:

-        ish beruvchilar tomonidan homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish kabi holatlar bo‘yicha murojaatlarni qabul qiladigan “Koll-markaz”ni ishga tushiradi;

-        Vazirlikka “Koll-markaz” orqali fuqarolardan tushayotgan barcha murojaatlarni umumlashtirish va murojaatlar bo‘yicha tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni talab qilish hamda ta’sir choralarini qo‘llash vakolati beriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir prezident qarori asosida 2023 yil 1 sentyabrdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab etish bekor qilinadi.

Bunda, fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar