10:05 / 01.09.2024
73

O‘zbekiston qonunchiligida 1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida 2024 yil 1 sentyabrdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Norma ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlarni taqdim etdi.

Pensiya va nafaqalar oshadi

Pensiya va nafaqalar miqdori 15 foizga oshiriladi. Bunda quyidagilar belgilanadi:

- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 428 000 so‘m;
- yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 834 000 so‘m;
- nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m.

Jahon brendlari bilan hamkorlik qilgan ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

Mashhur xalqaro brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlari uchun:

xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik sertifikatlash va muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash, shuningdek, brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida ro‘yxat bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlar qoplab beriladi.

Ov qilishning yangi tartibi belgilanmoqda

Ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi.

Yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari ushbu faoliyat yo‘nalishlarini tashkil qilgandan boshlab 3 yil muddat mobaynida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50% kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.

Zargarlik sohasiga imtiyozlar

2027 yil 1 sentyabrgacha bo‘lgan davrda:
  • “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun belgilangan soliq imtiyozlari zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi a’zolari bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi;
  • zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi a’zolari bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalari mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod qilinadi.

Toshkentda va Navoiy viloyatida nogironlikni aniqlashning yangi tartibi

Fuqarolar nogironlikni belgilash uchun YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qila oladilar. Bunda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida (TIEK) ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiy hujjatlar oilaviy shifokorlar tomonidan elektron shaklda yuboriladi.

Davlat xaridlarida ustunliklar

Elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, ushbu mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.

Turoperatorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi

Kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun 50 mln AQSH dollari ekvivalentida milliy valyutada yillik 14% stavkada kredit liniyasi ochiladi.

Trotuarlarni ta’mirlash – faqat ruxsatnoma asosida

Jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obyektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish, rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi;

Sholikorlarga – imtiyozli kreditlar

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot ishlab chiqaruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Prezidentning 15.12.2021 yildagi PQ-52-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Xorijiy til bo‘yicha imtihon xarajatlari qoplanadi

2027 yil 1 yanvarga qadar yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi hamda mazkur xarajatlar agentlikka ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplanadi.

Soliq tekshiruvlaridagi o‘zgarishlar

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlik subyektlari shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda quyidagi choralarni ko‘rish amaliyoti joriy etiladi:
  • ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
  • qonun buzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilmasdan hamda Biznes-ombudsmanni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.

Ikkita hududda bepul maktab avtobuslari autsorsingga beriladi

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Ekofaollarga – velosiped va boshqa sovg‘alar

Chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash bilan shug‘ullanuvchi sanitar tozalash korxonalarining, tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi obodonlashtirish bo‘limlarining eng yaxshi xodimlari, jamoatchilik ekologik nazorat organlari va ekofaollar velosipedlar va boshqa sovrinlar bilan taqdirlanadilar.

Sport maktablarida ustamalar kiritilmoqda

Ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga har oylik 100 foizgacha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Xavfli yuk tranziti bo‘yicha yangi qoidalar

Xavfli yuklar tranziti uchun ruxsatnoma elektron shaklda beriladi.

Yo‘l harakati qoidalari buzilishi bo‘yicha tayinlangan qarorlar ustidan shikoyatni YAIDXP orqali bersa bo‘ladi.

Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YAIDXP orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Tamaki tranzitining yangicha qoidalari

O‘zbekiston hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etiladi:
  • tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, uni olib o‘tish jadvalining mavjudligi;
  • yuk olib o‘tuvchi tomonidan tegishli bojxona to‘lovlarining summasi O‘zbekiston bojxona organlarining depozit hisob varag‘iga o‘tkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng to‘langan summalar qaytariladi;
  • tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali o‘tkazilishi;
  • qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bo‘lgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib o‘tishga ruxsat etilishi, bundan aksiz markasi qo‘llanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar mustasno.

Bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun yangi darslar

Ijod maktablarining 10 va 11-sinf o‘quvchilarini:
  • Madaniy meros agentligi bilan birgalikda gid, tahrirchi va restavrator yordamchisi kasblariga;
  • O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tele va radiokanallarda rejissyor yordamchisi, ovoz yozish rejissyori assistenti, muharrir yordamchisi hamda reportyor kasblariga;
  • Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda bosma nashriyotlarda muharrir va dizayner kasblariga;
  • Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va uning hududlardagi filiallari bilan birgalikda skanerlash va raqamlashtirish hamda raqamlashtirilgan resurslarni qayta ishlashga oid kasblarga;
  • Madaniyat vazirligi bilan birgalikda teatrlarda san’atshunoslik, aktyorlik san’ati, rejissyorlik, xalq ijodiyoti sohalaridagi kasblarga o‘rgatish bo‘yicha amaliy darslarni joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Gumus uchun imtiyozli kreditlar

Qishloq xo‘jaligi vazirligining agrotexnik tadbirlar uchun taqdim etadigan talabnomalariga muvofiq tuproqning gumus miqdorini oshirish maqsadida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 2025 yil paxta hosili uchun imtiyozli kreditlar ajratilishiga ruxsat berildi.

Menejerlik sertifikati egalariga maktablarda ustamalar to‘lanadi

Yanvardan boshlab maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilingan edi.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan quyidagi rahbar xodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga hap oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:

- maktab direktorlariga — 50 foiz;
- maktab direktori o‘rinbosarlariga — 30 foiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston qonunchiligida 1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?