Toshkent shahrining kelgusi 20 yilga moʻljallangan bosh rejasi tasdiqlandi. Hujjatda hukumatning bajarilishi belgilangan qator rejalari aks etgan.
Qurilishlar tartibga soladimi?
2024 yil 24 dekabr kuni “Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Hujjatda poytaxtni kompleks rivojlantirish, qurilishlarni rejalashtirish va infratuzilmani yaxshilash belgilangan.
Qarorda yozilishicha, bosh rejaning asosiy koʻrsatkichlarini belgilovchi xaritalar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Shaharsozlik kadastri va geoaxborot tizimida ochiq ma'lumot sifatida joylashtiriladi.
Endilikda har qanday qurilish ishlari tasdiqlangan bosh reja asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jarayonda hududning master-rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda yoʻlga qoʻyiladi. Har chorak yakunida bosh reja ijrosi natijalari yuzasidan Toshkent shahar hokimi hukumatga hisobot beradi. Talablar buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik doirasida jazolanadi.
Bosh rejada quyidagi muammolarni hal qilish koʻzda tutilgan:
- hududlarni zonalarga ajratish;
- aholi harakatlanishi uchun etarli sharoit yaratish va transport oqimi barqarorligini ta'minlash;
- shahar hududlarida zichlik parametrlari barqarorligini ta'minlash.
Shahar zonalarga ajratiladi
Bosh rejaga muvofiq, Toshkent shahri hududlari konservatsiya, rekonstruktsiya va renovatsiya zonalariga ajratiladi.
Konservatsiya zonalarida shaharning ekologik va sanitariya holati, madaniy-ma'rifiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga e'tibor qaratiladi. Yashil hududlar, suv va yoʻl boʻyi himoya hududlari hamda madaniy meros maydonlari muhofaza qilinadi. Bunday hududlarda qoʻshimcha turar va noturar bino-inshootlar qurilishi taqiqlanadi.
Rekonstruktsiya zonalarida jamoatchilik fikri asosida, poytaxt hokimligi ruxsati bilan rekonstruktsiya ishlari amalga oshiriladi. Bunday zonalarga qurilishi soʻnggi 5 yilda tugallangan, aholi yashashi uchun etarli muhit yaratilgan hududlar hamda takomillashtirishga ehtiyoji yoʻq joylar kiradi.
Mazkur zonalarda rekonstruktura ishlari bajarilsa-da, aholi zichligi saqlab qolinadi. Hududning dizayn kodlari ishlab chiqilib, tashqi koʻrinishi zamonaviylashtiriladi, jamoat joylari va ochiq maydonlar obodonlashtiriladi. Qoʻshimcha ijtimoiy va infratuzilma ob'ektlari qurilishiga ruxsat beriladi.
Renovatsiya zonalari qayta qurishga asoslagan hududlardir. Bunda foydalanish uchun yaroqsiz, shahar ekologik muhitiga salbiy ta'sir koʻrsatuvchi, zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan bino va inshootlar buziladi. Boʻshatilgan erlarda kompleks master-rejalar va loyihalar asosida yangi qurilishlar amalga oshiriladi.
Kelgusi 20 yillik rejalar
Toshkent shahrining umumiy maydoni 43 873 gektar. Ayni paytda poytaxtda 3 million kishidan ortiq aholi yashaydi. Bu koʻrsatkich 2045 yilgacha 7,4 million nafarga etishi kutilmoqda. Bosh rejani ishlab chiqishda inobatga olingan asosiy masalalardan biri aholining demografik oʻsishi ekani ma'lum qilingan.
Qarorda yozilishicha, bugun Toshkentda mavjud yashil maydonlar (cheklangan hududlar bilan birga) 7 120 gektar. Shundan 893 gektari umumiy foydalanish, 5 102 gektari cheklangan va 1 125 gektari maxsus yashil maydonlar hisoblanadi.
Bosh reja doirasida 2045 yilgacha yana 10 000 gektar qoʻshimcha yashil maydonlar barpo etish belgilangan. Shu bilan birga, shahar atrofidagi 15 000 gektar er maydonida yashil belbogʻ tashkil qilinishi rejalangan.
Qarorda bugun poytaxt aholisi jonboshiga 5 kvadrat metr yashil hudud toʻgʻri kelayotgani, kelgusi 20 yil ichida mazkur koʻrsatkichni 8 kvadrat metrga etkazilishi belgilangan.
Hozirda Toshkent shahridagi jami yoʻllar uzunligi 836 kilometr. Bosh rejada 2045 yilgacha qoʻshimcha 647 kilometr yangi yoʻllar qurish, mavjud 140 kilometr yoʻllarni kengaytirish koʻzda tutilgan.
Jamoat transportidan foydalanish ulushini oshirish ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, 20 yil ichida 27 ta transport tarmogʻi markazlari (Park and ride), yangi metropoliten yoʻllari barpo etilishi rejalashtirilgan. 2045 yilgacha jamoat transportidan foydalanish ulushini 60 foizgacha oshirish koʻzda tutilgan.
Kechikkan bosh reja
Toshkent shahrining oʻzida shaharsozlik tartiblarini aks ettiruvchi bosh rejasini ishlab chiqish masalasi 10 yildan ortiq vaqt davomida muhokamada boʻldi. Poytaxtda bosh reja yoʻqligi tartibsiz qurilishlarga olib kelayotgani davlat rahbari tomonidan ham tanqid qilingan. Loyiha kechika-kechika 2022 yil oktyabrda prezident Shavkat Mirziyoevga taqdim qilingandi. Biroq uni tasdiqlash jarayoni ikki yildan ortiq davrga ortga surildi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Husiylar hujumi Misrga 7 mlrd dollar zarar keltirdi
Rim papasi Rossiya va Ukrainani qurollarini tashlashga chaqirdi
Putin MDH etakchilari bilan uchrashuvda qanday fikrlar bildirdi?
Netanyaxuning rafiqasi guvohlarni ta'qib qilishda ayblanmoqda
Abbosbek Fayzullaev: “Jirona”ni tanlayman...
Yaman husiylari Tel Aviv aeroportiga hujum uyushtirdi
Muhammad Salohning qaysi harakati uchun misrliklarning tanqidlari "yomgʻiri yogʻildi"...?
Messining oʻyinidagi qaysi jihat Yamalni hayron qoldirgan?