16:58 / 20.03.2025
3 310

Keyingi haftada ob-havo keskin o‘zgarishi kutilmoqda

Keyingi haftada ob-havo keskin o‘zgarishi kutilmoqda
23–25 mart kunlari respublika bo‘yicha ob-havo keskin o‘zgarishi kutilmoqda, O‘zbekistonga nam va nisbatan salqin havo massalari kirib keladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir qorga aylanish ehtimoli bor.

23–24 mart kunlari shamol tezligi ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 20 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Kunduzgi havo harorati asta-sekin +12…+17 darajagacha pasayadi.

Shuningdek, 23–27 mart kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;

Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlarida;

Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;

Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;

Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;

Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Pskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;

Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;

Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;

Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida sel-suvtoshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

«Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston