date
views 41

O‘zbekistonda qiynoqqa qarshi kurashning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda qiynoqqa qarshi kurashning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi
O‘zbekistonda inson huquqlarini yanada mustahkamlash va himoya qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya doirasida muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, qiynoq va shafqatsiz munosabatning oldini olish hamda odam savdosiga qarshi kurashish mexanizmlari xalqaro standartlarga mos holda takomillashtiriladi.

Mazkur milliy strategiyaning «yo‘l xaritasi»ga muvofiq, qiynoqqa solish, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi harakatlarga qarshi tezkor va samarali tekshiruvlar o‘tkazishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilishning yangi tartibini yaratish uchun xalqaro ilg‘or tajribalar chuqur o‘rganiladi.

Shu bilan birga, xorijiy davlatlardagi eng yaxshi amaliyotlarga asoslangan takliflar tayyorlanadi va ular milliy qonunchilikka tatbiq etiladi. Bundan tashqari, «Ombudsman qutisi» orqali murojaat qilish imkoniyati kengaytiriladi va bu turdagi murojaatlarning tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida maxsus tartib ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Qiynoq holatlarini o‘rganish va javobgarlik masalalariga oid mexanizmlarni yanada yaxshilash, bu borada tezkor choralarni ko‘rishning samaradorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurash borasida ham muhim qadamlar qo‘yiladi. Bunda jinoyatchilarning jazodan qochib qutulishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro me’yorlarga mos ravishda javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Shuningdek, odam savdosi bilan bog‘liq sud ishlarining natijalari, bu turdagi jinoyatlarni sodir etganlarning soni va ularning javobgarlikka tortilganlik holati tahlil qilinadi. Ayniqsa, ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlarga rioya etilishi doimiy monitoring qilinadi.

Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni samarali tergov qilish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha huquq-tartibot organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy qilinadi.

Shu bilan birga, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ijrosining monitoringi olib boriladi, buning natijalari asosida qonunchilikni va huquqiy amaliyotni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlanadi hamda amalga oshiriladi.

Bu chora-tadbirlarning barchasi O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga, fuqarolarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda qiynoqqa qarshi kurashning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi