
Bugungi kunda YouTube platformasi orqali pul ishlash imkoniyati dunyoning 108 ta davlatida mavjud, ammo Markaziy Osiyoda ushbu imkoniyatdan faqat Qozog‘istonda foydalanish mumkin. O‘zbekistonlik kontent yaratuvchilar esa hanuzgacha ushbu imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Agar O‘zbekistonda ham monetizatsiya tizimi ishga tushirilsa, bu nafaqat mahalliy blogerlarning daromadlarini oshiradi, balki mamlakatda raqamli iqtisodiyot va kreativ industriyaning keskin o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kreativ industriya bilan shug‘ullanuvchi 9,6 mingga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 84 mingdan ziyod mutaxassislarni birlashtirgan holda, mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shib kelmoqda. Hukumat tomonidan belgilangan strategik maqsadga ko‘ra, 2030 yilga kelib, kreativ sanoatning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi (YAIM) ulushini 5 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. YouTube monetizatsiyasining O‘zbekistonda ishga tushirilishi mazkur maqsadga erishishda muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda joriy qilinsa, mahalliy reklama bozorining hajmi sezilarli darajada kengayadi. Masalan, 2024 yilda O‘zbekistonda reklama bozorining umumiy hajmi 2,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Ushbu miqdorning 29 foizi (taxminan 600 milliard so‘m) raqamli reklama hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda tashqi reklama 20 foizni, televideniye reklamasi esa 51 foizni tashkil qiladi.
Agar YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda yoqilsa, bu reklama bozorida raqamli segment ulushining yanada o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bu esa nafaqat yirik bizneslar, balki kichik tadbirkorlar va kontent yaratuvchilar uchun ham yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Bundan tashqari, yangi va iste’dodli blogerlarning soni keskin oshib, mamlakatda kreativ sanoatning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratiladi.
Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, YouTube platformasining monetizatsiyasi yoqilgan taqdirda, o‘zbekistonlik blogerlarning umumiy yillik daromadi 30 million dollardan 50 million dollargacha bo‘lgan katta hajmga yetishi mumkin. Bu esa mahalliy kontent yaratuvchilar uchun professional faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratadi va ularning sonini yanada ko‘paytirishga yordam beradi.
Hozirgi vaqtda o‘zbekistonlik yutuberlar xorijiy mamlakatlarda monetizatsiya orqali pul ishlash uchun turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu esa ko‘plab iste’dodlarning o‘z potensialini to‘liq namoyon etishiga to‘sqinlik qilmoqda. Agar O‘zbekistonda bu tizim amalga oshirilsa, kontent sifatining ham oshib, tomoshabinlar sonining yanada ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, monetizatsiya tizimining ishga tushishi nafaqat blogerlarga, balki milliy iqtisodiyot uchun ham katta foyda keltiradi. Bunda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, raqamli reklama bozori yanada kuchayadi va kreativ sanoatning mamlakat iqtisodiyotidagi roli ortib boradi.
Shunday ekan, YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonda ishga tushirilsa, bu nafaqat blogerlarning daromadini ko‘paytiradi, balki mamlakatning kreativ sanoatini ham tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bu sohadagi imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslik va raqamli iqtisodiyotdagi yuqori natijalarga erishish uchun mazkur tizimni tezroq joriy etish juda muhim hisoblanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar