date

Yo‘l qoidalarini buzganlar uchun yangi tartib: jarimalarga qonunli muddat va yumshoqroq yondashuv

Yo‘l qoidalarini buzganlar uchun yangi tartib: jarimalarga qonunli muddat va yumshoqroq yondashuv
O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati qoidalari buzilishlari bo‘yicha javobgarlik yanada aniq va tiniq tartibda amalga oshiriladigan bo‘ldi. O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Qonun loyihasining eng muhim jihatlaridan biri — avtomatlashtirilgan foto va video vositalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlariga oid javobgar shaxslarni belgilashning yangi, aniq tartibining joriy qilinishi. Bu esa, huquqbuzarlik aniq kim tomonidan sodir etilganini oson va shaffof tarzda aniqlash imkonini yaratadi.

Yana bir yangilik — yo‘l harakati qoidalarini birinchi marta buzgan hollarda, agar huquqbuzarlik og‘ir bo‘lmasa, ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llanishi mumkin. Ya’ni, fuqarolarga jazoning yumshoqroq, e’tibor va axloqiy ta’sirini oshiradigan yondashuv yaratiladi. Bu yangilik huquqbuzarlarning qonunga bo‘lgan munosabatini isloh qilish, ularda huquqiy ong va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida amalga oshiriladi.

Muhokama jarayonida fraksiya a’zolari, ayniqsa, jarimalarning belgilangan muddatda yuborilmasligi, bir necha oydan keyin insonlarga javobgarlik yuklayotgan tizimni qattiq tanqid ostiga olishdi. Qonun loyihasida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, jarimalar faqat qonuniy muddatda yuborilishini kafolatlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, ma’muriy jazolar turlari orasida ma’muriy ogohlantirishni alohida joriy etish adolat va to‘g‘ri yondashuv sifatida qayd etildi. Bu nafaqat huquqbuzarlik uchun jazo, balki jamiyatda qonunga itoat qilish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamdir.

Yig‘ilishda loyiha qonunchilikni yanada takomillashtirish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va jazoning tarbiyaviy ta’sirini oshirish yo‘lida muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Fraksiya a’zolari loyihani qo‘llab-quvvatlashdi va uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirishdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yo‘l qoidalarini buzganlar uchun yangi tartib: jarimalarga qonunli muddat va yumshoqroq yondashuv