date

Shavkat Mirziyoyev “Hisorak”da qurilgan kichik GESni ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev “Hisorak”da qurilgan kichik GESni ko‘zdan kechirdi
Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidroelektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hisorak suv ombori 1987 yilda qurilgan bo‘lib, 2004 yilda kapital rekonstruksiya qilingan. Hududda 2011 yilda ishga tushirilgan quvvati 45 MVt bo‘lgan asosiy Hisorak GES ham mavjud bo‘lib, yiliga 80 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa o‘rtacha hisobda 33 ming xonadonning yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Hisorak kichik GES Shahrisabz tumanida energetik quvvati 3,5 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Uning qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. GES faoliyati natijasida yiliga o‘rtacha 5 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu yerda ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 ming 300 ta xonadonga yetadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbariga daryo suvidan energiya olish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida axborot berildi. Eng muhim loyihalardan biri — kelgusi ikki yil ichida umumiy quvvati 12 MVt bo‘lgan 416 ta kinetik turbinali mikro GES qurish rejasidir. Bu mikro GESlar ariq va kanallardagi suv oqimidan samarali energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Hozirda viloyatda umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan 3 ta GES faoliyat yuritmoqda. Istiqboldagi loyihalar tufayli bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Gidroenergetika orqali viloyatda aholi elektr energiyasi iste’molining 15 foizini qoplash maqsad qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mamlakatda so‘nggi sakkiz yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Joriy yilda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 24,7 MVt bo‘lgan 5 ta yangi kichik GES foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev “Hisorak”da qurilgan kichik GESni ko‘zdan kechirdi