date

Namanganda yangi bosqich: investitsiyalar, yangi ish o‘rinlari va kambag‘allikka qarshi dasturlar

Namanganda yangi bosqich: investitsiyalar, yangi ish o‘rinlari va kambag‘allikka qarshi dasturlar
Namangan viloyatidagi islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar yangi sur’atda davom etmoqda, deb xabar berdi president.uz. Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni hududda olib borilayotgan ishlar, loyihalar ijrosi va ulardan kutilayotgan natijalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, 2024 yil 2 dekabrda qabul qilingan qarorga muvofiq, Namanganni rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida aniq choralar belgilangan. Joriy yilda viloyatga 4,2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 1 milliard dollarlik eksportga erishish, 323 mingta yangi ish o‘rni yaratish va 55 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

Bu yo‘lda asosiy zamin — kichik biznes va tadbirkorlik. Hududda mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan shu sohada ishlaydi. Yil boshidan beri hududga 1,6 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritilgan, ammo sarmoyalarning katta qismi markaziy tumanlar va Namangan shahrida to‘plangan. Shu bois, chekka tumanlarda ham yangi loyihalarga start berish va eksport turlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida ham katta natijalarga erishilmoqda. Yangiqo‘rg‘onda bir gektar yerdan olinayotgan daromad 20 ming dollardan oshib, boshqa tumanlar uchun ham namuna bo‘lmoqda.

Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Islohotlar shtabi”ning faoliyati tufayli hududda yana 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirildi. Yig‘ilishda yangi imkoniyatlar taqdim etildi: jami 12 ming ish o‘rni, budjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum va 160 million dollarlik eksport manbalari yaratiladi.

Yangi loyihalar orasida Norin tumanida aholi xonadonlarida intensiv baliq yetishtirish va Mingbuloqda o‘rdakchilikni rivojlantirish dasturlari alohida o‘rin tutadi. Bu tashabbuslar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki minglab odamlarga ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Viloyatda 55 ming kishi ishsiz, 44 ming oila esa kambag‘allikda hayot kechirmoqda. Prezident bu muammolarni hal qilish uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholini kasbga yo‘naltirish va har bir xonadonda daromad manbai yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, ijtimoiy muhitni mustahkamlash, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Namanganda yangi bosqich: investitsiyalar, yangi ish o‘rinlari va kambag‘allikka qarshi dasturlar