
O‘zbekistonda haydovchilar o‘rtasida yo‘l qoidalarini buzish holatlari tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Bugungi yig‘ilishda keltirilishicha, 2024 yil davomida haydovchilar tomonidan 24 millionta huquqbuzarlik sodir etilgan va ularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlik sifatida qayd etilgan. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu holat surunkali tus olgan.
Yig‘ilishda davlat rahbari haydovchilik madaniyatini oshirish va yo‘llardagi intizomni kuchaytirish uchun yangi tizim ishga tushirilishini ma’lum qildi. «Ijtimoiy tarmoqlarda “jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman” degan kayfiyat keng tarqalgan, – dedi Prezident. – Endi qonun ustuvorligi va adolat mezonlarini qat’iy ta’minlashimiz kerak».
Yangi dastur — «Surunkali qoidabuzarlar» tizimi ishga tushiriladi. Mazkur tizimda, masalan, bir oy ichida ikki marta qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish yoki svetoforning qizil chirog‘idan o‘tish, besh martadan ortiq tezlikni oshirish holatlari qayd etilsa, haydovchilar bir yilgacha jarimadan chegirma olish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Agar oylik huquqbuzarliklar soni o‘ntadan oshib ketsa, haydovchi guvohnomasidan olti oygacha mahrum qilinadi. Shu bilan birga, tezlik uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqiladi va me’yordan ikki-uch karra tez harakat qilgan haydovchilarga nisbatan haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartish kiritilishi ham nazarda tutilmoqda.
Prezident ta’kidlaganidek, bu choralar yo‘llardagi intizomni yaxshilash, jamoat xavfsizligini ta’minlash va ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini namoyish etishga xizmat qiladi.
Zamin.uz esa, yo‘l harakatidagi yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va jamoat xavfsizligiga oid eng dolzarb ma’lumotlar bilan o‘z o‘quvchilarini tezkor tarzda ta’minlashda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar