date

Poytaxtda jasorat ramzi: Prezident shaxsan inspektorga kapitan unvonini topshirdi

Poytaxtda jasorat ramzi: Prezident shaxsan inspektorga kapitan unvonini topshirdi
Poytaxtda yana bir insonparvarlik va mas’uliyat namunasi: Yangi Kamolon mahallasi inspektori fidoyi xizmati evaziga davlat rahbaridan alohida e’tirof va kapitanlik unvonini oldi. Bu voqea Shavkat Mirziyoyevning Shayxontohur tumaniga tashrifi paytida ro‘y berdi.

Prezident “Islohotlar shtabi” faoliyati taqdimotida mahalla inspektori tomonidan to‘plangan barcha demografik va statistik ma’lumotlar, aholining jinsi va yoshi, uylar soni, turli viloyatdan kelgan fuqarolar haqidagi axborotlar jamlangan maxsus dastur bilan tanishdi. Inspektor mahallada xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish uchun yo‘laklarda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan situatsion markaz tashkil etilganini, natijada 2024 yilda birorta ham jinoyat qayd etilmaganini ma’lum qildi.

Davlat rahbari inspektordan “Qaysi xonadonda qanday ish olib boryapsan? Qaysi xonadon yoki tashkilot xavfli deb o‘ylaysan?” degan savollarini ham berdi. Inspektor esa mahalla yettiligi bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani, muammo va xavf yo‘qligini, 2025 yil oxirigacha birorta jinoyat sodir bo‘lmasligini ishonch bilan va’da berdi.

Prezident Mirziyoyev unga faxr bilan: “Agar har bir inspektor sen kabi fidokorona xizmat qilsa, mamlakatda jinoyatchilik yo‘qoladi. Sen ertaga kapitan bo‘lasan. Jasorat bilan, ishonch bilan gapirayapsan. Senga o‘xshaganlar kelajakda mahalla xizmatining yetakchisi bo‘ladi”, deya inspektorni maqtab, unga kapitanlik unvoni berilishi to‘g‘risida ma’lum qildi. «Men senga o‘xshagan kadrlarni tarbiya qilmoqchiman. Kapitanlik bilan tabriklayman!» dedi davlat rahbari.

Inspektorning va’dasi esa shunday yangradi: “Muhtaram prezident, Yangi Kamolon mahallasi eng namunali mahalla bo‘lishiga men sizga va’da beraman va O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!”

Bugungi kunda mahallada jinoyatlar nolga teng. Yangi Kamolon tajribasi butun mamlakat uchun namuna bo‘lib, mahalla inspektorlari vazifasi, jamoat xavfsizligi va fuqarolar bilan ishlashda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Bu voqea nafaqat shahar, balki butun mamlakatda mahalla tizimi, jamoat xavfsizligi va fidoyi inspektorlar faoliyatiga yangi ruh, yangi motiv va to‘liq ishonch baxsh etdi. Bu kabi jasorat namunasi tizimda yangicha yondashuv va keng o‘zgarishlarga turtki bo‘ladimi — ammo bugungi kun qahramoni Yangi Kamolonda yangi sahifa ochdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Poytaxtda jasorat ramzi: Prezident shaxsan inspektorga kapitan unvonini topshirdi