
2025 yil 12 oktyabrdan boshlab, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashashga oid alohida ro‘yxatdan o‘tish tartibi bekor qilinadi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha yagona – xabardor qilishga asoslangan ro‘yxatga olish tizimi joriy etiladi.
Prezident tomonidan 2025 yil 10 iyul kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, propiska tizimi tubdan o‘zgartirilmoqda. Ushbu qonun 2025 yil 12 oktyabrdan kuchga kiradi.
Shu tariqa, 2025 yil 12 oktyabrdan boshlab “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan fuqarolar toifalari to‘g‘risidagi” qonun o‘z kuchini yo‘qotadi. Mazkur qonunda ilgari poytaxt va viloyatda doimiy yashashga ruxsat etilgan fuqarolarning 12 toifasi ko‘zda tutilgan edi.
Yangi qonun asosida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish “ruxsat etish” emas, balki “xabardor qilish” tartibiga o‘tadi. Bu o‘zgarish fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish huquqini kengaytiradi hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etadi.
Qonunga ko‘ra, fuqaro ko‘chib borgan yangi manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi majburiy bo‘lib, bu boradagi javobgarlik ham fuqaro, ham yashashi uchun joy ajratgan mulkdorga yuklatiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish muddati va tartibi:
O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar – yangi yashash yoki turgan joyga kelgan kundan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari – O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 10 ish kunida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar – mamlakatga kirgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi (agar xalqaro shartnomalarda boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa).
Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari, davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Bolalarni ro‘yxatga olish: Bola ota-onasining yoki ulardan birining yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olinayotganda, turar joy egasining roziligi talab qilinmaydi.
Ijara asosida yashovchilar: Soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi asosida ro‘yxatdan o‘tilganda, mulkdorning roziligi talab etilmaydi.
Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmaganlik – fuqaroning turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Arizalarni ko‘rib chiqish muddati – ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi ariza 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
Agar shaxs turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlik muddati tugagach, yashashda davom etsa, u 10 ish kuni ichida qayta ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Ro‘yxatdan o‘tkazishda turar joy maydonining belgilangan ijtimoiy normasi hisobga olinadi. Bu, bir joyda ortiqcha sonli shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishning oldini olishga xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar