O‘zbekistonlik olimlar oftalmologiya sohasida yana bir muhim yutuqqa erishdi. Mutlaqo yangi texnologiya asosida yaratilgan “GLAZAVIR” nomli innovatsion dorivor plyonka virusli ko‘z kasalliklarini davolashda yangi davrni boshlashi mumkin.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mazkur plyonka nafaqat viruslarga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi, balki inson immun tizimini mustahkamlaydi, ko‘z to‘qimalarining tiklanishini tezlashtiradi va antiproliferativ xususiyatlarini ham namoyon etadi.
Olimlar ta’kidlashicha, “GLAZAVIR” odatdagi ko‘z tomchilariga nisbatan ancha ustun. Chunki u yuqori qovushqoqlikka ega bo‘lib, shox pardadagi suyuqlik bilan uzoq vaqt ta’sirlashadi va dorivor moddalarning ko‘zga bir xil tarzda tarqalishini ta’minlaydi. Plyonka ko‘zning quyi qobig‘iga qo‘yilganda belgilangan vaqt davomida bosqichma-bosqich eriydi va moddalar uzoq muddat ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, mahsulotni qo‘llash juda qulay — sutkasiga 1–2 marta yetarli. Uni organizm oson qabul qiladi, salbiy ta’sirlar qayd etilmagan. Eng muhimi, u bioparchalanuvchan xususiyatga ega bo‘lib, ko‘zda noxush holatlarni keltirib chiqarmaydi.
Mutahassislar fikricha, yangi dorivor plyonka yuqori samaradorligi, uzoq muddatli ta’siri va ko‘z to‘qimalariga mos biologik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shu bois, u ko‘z tomchilariga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq terapevtik afzallikka ega.
“GLAZAVIR” innovatsion mahsuloti nafaqat oftalmologiya sohasida, balki tibbiyotning umumiy yo‘nalishlarida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkinligi qayd etilmoqda. Olimlar bu kashfiyot mamlakat tibbiyotida virusli ko‘z kasalliklariga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!