Toshkent shahridagi talabalar turar joyiga oid muammolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bu masalaga oid aniqlik kiritish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, talabalarni turar joyga joylashtirish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshirilmoqda. Ya’ni barcha jarayon qonunchilik talablari va rasmiy tartibga muvofiq olib borilmoqda.
2024/2025 o‘quv yildan boshlab barcha kurs talabalari uchun yotoqxonaga joylashish to‘liq onlayn usulida amalga oshirilmoqda. Talabalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborishi mumkin. 2025-yil 12 sentyabr holatiga ko‘ra, umumiy 63 804 ta ariza qabul qilingan bo‘lib, shu talabalardan 40 265 nafar uchun yo‘llanmalar avtomatik tarzda shakllantirilgan, 21 767 nafar talaba esa navbatda turgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, arizalarning “jarayonda” turishi kechiktirish emas, balki reglamentga muvofiq navbat shakllantirilganini ko‘rsatadi. O‘rinlar bosqichma-bosqich taqsimlanadi va avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalar uchun ustuvorlik beriladi.
Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi quyidagicha: agar yotoqxonada bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, yo‘llanma avtomatik shakllantiriladi; agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, talaba navbatga qo‘yiladi va bu haqda xabarnoma oladi; shuningdek, o‘rin bo‘shagan taqdirda navbatdagi talabalar joylashtiriladi.
Bundan tashqari, Hukumatning 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qaroriga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara asosida yashovchi talabalar uchun ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Toshkent shahrida bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (hozirda 412 ming so‘m), boshqa hududlarda esa yarim baravari (206 ming so‘m) tashkil etadi.
Shu bois, talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va ijara xarajatlarini qoplash jarayonlari qonunchilikda belgilangan tartib va bosqichma-bosqich usulda amalga oshirilmoqda. Bu esa talabalarning huquqiy va ijtimoiy kafolatlari saqlanib, ularning yashash sharoitlari ham to‘liq ta’minlanishiga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!