date

Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirishni maqsad qildi

Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirishni maqsad qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha vakillari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida davlat rahbari oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi O‘zbekistonni butun mintaqada ta’lim va ilm-fan markaziga aylantirish ekanini alohida qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi paytda mamlakatimizdagi 4 ta oliygoh dunyodagi eng nufuzli top-mingtalik ro‘yxatiga kirgan. Yaqin kelajakda ularning soni kamida 10 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu orqali milliy universitetlar xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Shuningdek, oliygohlarda dunyodagi top-500 talik universitetlar bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiyalar, tibbiyot va «yashil» energetika sohalarida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda dunyodagi top-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ham ochilishi belgilangan. Bu esa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, ta’lim sifatini yanada oshirishi kutilmoqda.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mazkur maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi. Unda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli universitet rektori va mingdan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirok etadi.

Shu bilan birga, xorijlik talabalar soni 5 barobarga ko‘paytirilib, ta’lim eksporti hajmini 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Muloqot davomida ta’lim sohasi xodimlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning malakasini oshirish va islohotlarning samaradorligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Bu rejalar amalga oshirilsa, O‘zbekistonning oliy ta’limi nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida ham kuchli markazlardan biriga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirishni maqsad qildi