Yurtimizda huquqiy xizmatlarni raqamlashtirish jarayoni tobora jadallashmoqda. 9 sentyabr kuni imzolangan prezident qaroriga muvofiq, 2027-yil sentyabridan boshlab ko‘chmas mulk almashinuvi, ijara shartnomalari va aliment to‘lovlari bo‘yicha kelishuvlarni onlayn tartibda tasdiqlash imkoniyati yaratiladi.
Eng muhim yangiliklardan biri — uy-joy sotish yoki hadya qilish shartnomalari, shuningdek, ayrim boshqa huquqiy bitimlar videoaloqa orqali notarius tomonidan rasmiylashtirilishi hisoblanadi. Bu fuqarolarning vaqt va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Qarorda 2026-yildan yangi shaxsni identifikatsiya qilish tizimi ham joriy etilishi nazarda tutilgan. Ya’ni pasport yoki ID-karta o‘rniga shaxsni Face-ID yoki barmoq izi orqali tasdiqlash amaliyoti keng yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, shu yilning dekabr oyidan ishonchnomalarni masofadan turib bekor qilish va ijro hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, 2026-yil iyundan nikoh shartnomasi va transport arendasi shartnomalarini onlayn tarzda rasmiylashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Dekabr oyiga kelib esa meros va ipoteka shartnomalarini ham masofadan turib tasdiqlash imkoniyati yaratiladi.
2026-yil mart oyida esa «E-Notarius» mobil ilovasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu platforma orqali notariuslar tuzgan ijro hujjatlari elektron hujjat aylanmasi tizimiga avtomatik ravishda integratsiya qilinadi. Shuningdek, yil oxirigacha barcha notarial idoralar yuqori tezlikdagi optovolokon internet bilan ta’minlanishi belgilangan.
Alohida e’tiborga molik jihat shundaki, mahalliy kommunal xizmatlar bazalari bilan ham integratsiya amalga oshiriladi. Natijada uy-joy oldi-sotdisi shartnomasi tasdiqlangan zahoti mulkdor haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi. Bu esa shaffoflikni ta’minlash bilan birga, fuqarolarning hayotini yengillashtiradi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur islohotlar notarial tizimda yangi davrni boshlab beradi. Chunki raqamli yechimlar huquqiy bitimlarni amalga oshirishda qulaylik, tezkorlik va ishonchlilikni ta’minlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!