Vazirlar Mahkamasi “oliy va kasbiy ta’lim bitiruvchilarining amaliyot o‘tashi hamda ishga joylashtirish tizimini raqamlashtirish” bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga muvofiq, prezident topshirig‘i asosida amaliyot, malaka oshirish va ishga qabul qilish jarayonlari qog‘ozbozliksiz, soddalashtirilgan tarzda elektron shaklga o‘tkaziladi.
Yangi nizomga ko‘ra:
amaliyotga yo‘naltirish va ishga joylashtirish maxsus elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
bitiruvchi amaliyotini tashkil etish bo‘yicha shartnomalar platformaning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
ishga joylashish natijalarini monitoring qilish uchun platforma “Yagona milliy mehnat tizimi” bilan integratsiya qilinadi.
Elektron maydonchani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi ishlab chiqadi.
Nima o‘zgaradi?
Talabalar va bitiruvchilar: amaliyot joyiga ariza yuborish, javob olish va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishning barcha bosqichlari bitta platformadan turib amalga oshiriladi.
OTM va kollej/texnikumlar: har yili yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari asosida bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritadi; shu orqali bitiruvchilar bandligini onlayn kuzatadi.
Korxona va tashkilotlar: har oyning 25-sanasigacha talab qilinayotgan kadrlar va vakant lavozimlar ro‘yxatini tizimga joylashtiradi.
Shuningdek, ta’lim tashkilotlari har yil avgust oyida “Elektron hukumat”ning idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ishga joylashgan bitiruvchilar bo‘yicha ma’lumotlarni kiritib boradi.
Kutilgan samara
Yangi tartib amaliyot va ishga joylashish jarayonlarini shaффof, tezkor va qog‘ozsiz qiladi. Bitiruvchi – amaliyot, ta’lim tashkiloti – monitoring, ish beruvchi esa kadr izlashda bir xil ma’lumotlar bazasidan foydalanadi. Bu esa takroriy ma’lumot kiritish, sun’iy hisobot va uzilishlarning oldini oladi.
Qisqasi, bitiruvchilar uchun amaliyotdan ishgacha bo‘lgan yo‘l endilikda bir darcha, bir platforma orqali yuzaga chiqadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!