date

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi (foto)

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi (foto)
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning yozishicha, Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, bemorlarni yo‘naltirish va raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.
Shifokorlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari va AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI, AI Mammo singari sun’iy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratilmoqda.
Atigi to‘rt kun ichida qariyb 12 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tdi, shulardan 1 700 dan ortig‘i chuqur tekshiruvlardan o‘tkazildi, 116 nafari esa davolanishga yo‘naltirildi.
"Shuningdek, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi bo‘limida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik. Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni ta’sirlantirdi", dedi u.
Ikkita yangi loyiha ishga tushirildi — raqamli oilaviy pasportni joriy etishga asoslangan «Oilaviy salomatlik maktabi» hamda yoshlar ko‘magida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni ko‘zda tutuvchi «Salomatlik volontyorlari» shular jumlasidan.
"Sog‘liqni saqlashni zamon talablariga mos hamda har bir inson uchun qulay va foydali tizimga aylantirishni maqsad qilgan «Tibbiyot novatorlari» jamoasidagi yosh mutaxassislarga minnatdorlik bildiraman. Millat salomatligi — bu barchamiz yelkama-yelka bosib o‘tadigan umumiy yo‘limiz va mas’uliyatimizdir", deydi Saida Mirziyoyeva.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi (foto)