date

Noqonuniy jarimalar uchun javobgarlik joriy etiladi

Noqonuniy jarimalar uchun javobgarlik joriy etiladi
O‘zbekistonda mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga moliyaviy jarimalarni asossiz qo‘llash uchun shaxsiy ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Biznes-ombudsman tomonidan qonun loyihasi shaklida taqdim etilgan tashabbus jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, sud tomonidan noqonuniy deb topilgan jarimalar uchun mansabdor shaxslarga nisbatan sezilarli miqdorda jarimalar belgilashni nazarda tutadi.

Mazkur choralar nazorat organlariga qarshi tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan sud ishlari sonining o‘sishiga javoban qabul qilinmoqda. Biznes-ombudsman apparati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda sudlarda ko‘rib chiqilgan 6370 ta shikoyatning 5280 tasi (yoki 82 foizdan ortig‘i) tadbirkorlar foydasiga hal qilingan.

Bu noqonuniy jarimalarning bekor qilinishi va 1,4 trillion so‘mga yaqin mablag‘ning qaytarilishiga olib keldi. 2025 yilda ham ushbu tendensiya saqlanib qoldi.

Yilning dastlabki olti oyida sudlarda shunga o‘xshash 4738 ta murojaat qayd etilgan. Ulardan 3755 tasi tadbirkorlar foydasiga hal bo‘lib, natijada 3,1 trillion so‘mdan ortiq jarimalar bekor qilingan.

Qonun loyihasiga ilova qilingan hujjatlarda qayd etilishicha, asossiz moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash holatlari yuqori darajada qolmoqda. Tashabbus mualliflari ta’kidlashicha, mavjud qonunchilikdagi asosiy muammo shundaki, mansabdor shaxslarning bunday noqonuniy harakatlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilmagan.

“Javobgarlikning yo‘qligi nazorat, huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlari vakillarining tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni asossiz qo‘llashiga va shaxsiy javobgarlikdan qochishga olib kelmoqda”, deyiladi qonun loyihasiga ilova qilingan izohda. Mazkur huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 241-11-modda – “Tadbirkorlik sub’yektlariga asossiz jarima qo‘llash” moddasini kiritish taklif etilmoqda.

Taklif etilayotgan norma bo‘yicha, agar mansabdor shaxs tomonidan tadbirkorga qo‘llangan moliyaviy jarima sud tomonidan noqonuniy deb topilsa, ushbu mansabdorning o‘ziga jarima solinadi. Davlat xizmatchisiga nisbatan belgilangan jarima miqdori 20 dan 40 bazaviy hisoblash miqdorigacha bo‘lib, bu 8,24 million so‘mdan 16,48 million so‘mgacha teng.

Mazkur qonun loyihasi biznesni huquqiy himoya qilishni kuchaytirish va mansabdor shaxslarning qabul qilgan qarorlari uchun shaxsiy javobgarligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi.

Ushbu tamoyil kichik tadbirkorlik sub’yektlarini o‘z faoliyatining dastlabki yilida savdo va tadbirkorlik sohasidagi ma’muriy qoidalarni birinchi marta buzgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutadi. Bu esa biznes uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiluvchi choralardan biri hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Noqonuniy jarimalar uchun javobgarlik joriy etiladi