O‘zbekiston va AQSh savdo hajmi 1 milliardga yaqinlashdi

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo hajmi so‘nggi yillarda to‘rt barobar oshib, 1 milliard AQSH dollariga yaqinlashdi. Shavkat Mirziyoyev va AQSH savdo vaziri Govard Latnik strategik iqtisodiy sheriklik, savdo-investitsiyalarni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qildi. O‘zbekistonda 300 dan ortiq Amerika kompaniyasi faoliyat yuritayotgani, agrosanoat sohasida esa soya donlari va paxta yetkazib berish bo‘yicha dastlabki shartnomalar imzolangani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH savdo vaziri Govard Latnik bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar strategik iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro savdo va investitsiyalarni yanada oshirish yo‘llarini, shuningdek, keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi jadal o‘sib, to‘rt barobar ko‘paygani va 1 milliard AQSH dollariga yaqinlashgani alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida 300 dan ortiq Amerika kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ularning faoliyati og‘ir sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsion texnologiyalar kabi iqtisodiyotning asosiy sohalarini qamrab oladi. Muzokaralarda agrosanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlik natijasida AQSHdan O‘zbekistonga soya donlari va paxta yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi dastlabki shartnomalar imzolandi. Bundan tashqari, suv resurslaridan samarali foydalanish uchun AQSHning ilg‘or tomchiladig suvg‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsion platforma yaratishga kelishib olishdi.






























Izohlar 0
…