
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mamlakat kuch tuzilmalari rahbarlari bilan o‘tkazgan ishchi yig‘ilishida giyohvand moddalar savdosi va unga bog‘liq jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yangi bosqich boshlanganini ma’lum qildi. Yig‘ilishda mavjud tahdidlar tahlil qilinib, muammoni bartaraf etish uchun tezkor hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, giyohvand moddalar aylanishi, jinoiy guruhlar faoliyati va noqonuniy qurol-yarog‘ muomalasi so‘nggi yillarda jiddiy xavotir uyg‘otayotgan yo‘nalishlardan biriga aylangan. Mirziyoyeva mas’ul rahbarlardan bu borada aniq natija beradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni talab qildi.
Yig‘ilishda narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan, samarali va tezkor ishlaydigan yagona mexanizmni qisqa muddatda shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida ma’lumot almashish, operatsiyalarni muvofiqlashtirish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, davlatning bu boradagi siyosati jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz yondashuvni nazarda tutadi. Yangi chora-tadbirlar esa aholi xavfsizligini ta’minlash va davlatning milliy manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.