
2025-yil 11–13-dekabr kunlari Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan keladi.
Tashrif doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Suhbatlarda O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.
Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida ishtirok etadi hamda federatsiya shafeligida tashkil etilgan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida qatnashadi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.