Qoyil! Matbuot tili ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib borayapti. Yashirib nima qildim, avvallari O‘zAni umuman kuzatmasdim. Tiling aylanmaydigan iboralar, bir tiyinga qimmat yondashuvlar, «Mustaqilligimiz sharofati bilan o‘lkamizga bahor kirib kelmoqda», «Olamshumul rejalar muhokama qilindi va galdagi vazifalar belgilab olindi» qabilidagi yaltoqi jumlalar ishlab chiqaruvchi tashkilot deb qarardim.
Shunday. Bu davr – O‘zAning eng sharmandali yillari o‘laroq tarixga kirsa ajabmas. Bugun-chi? Otaxon-u onaxon gazetalar mum tishlab o‘ltirgan bir paytda bosh axborot mahkamasi matbuotga iliq ob-havo olib kira boshladi. Eng birinchi bo‘lib ularning o‘zi eng kichik axborotda ham qandaydir ijodiy priyom saqlanishini ta’minlayaptilar. Muallif «o‘lmayapti»! Kim yozganini bilib bo‘lmaydigan, ikki tomchi suvdek biri-biriga o‘xshash maqolalar yo‘q endi.
Eng qaltis, nozik mavzular, deylik, davlat rahbarining joylarga tashriflari bayoni ham soatma soat, tezkorlik bilan tarqatilayapti. Ie, nechuk, deb ajablanib o‘qiysiz – baloday, gaplar hartugul tobora o‘qlovli, dadil, indallosi – «avvalgilarga o‘xshamas…» To‘g‘ri, ayni matnning matbuot uchun mo‘ljallangan varianti kechroq, tun yarmidan oqqanda alohida kanal orqali uzatilishi «an’anasi» hamon bor, binobarin, bu boshqa masala, ammo axborot qirolligida (bir suhbatda O‘zA haqidagi shunaqa ta’rif o‘qigandim) jurnalist degan mardum, va nihoyat, paydo bo‘la boshladi. Ha, tirik jurnalist!
Bugun O‘zA uzatgan xabarlarni muallifsiz o‘qigan taqdirimda ham «Jumlalardan Matnazar akaning «isi» kelib turibdi», «Buni Bekzod Hidoyatov yozgan, ana, joriy siyosat va qalbning muvoziy holatini boz sharhlabdi», «Toshi og‘ir, zalvorli fikrlarga boy bu maqola Umid Yoqubniki», «Bu dilgir fikrlar bayoni esa Sevaraniki», «Fikrning zo‘rini boshlamada aytganiga qaraganda, maqolani Ikrom yozgan chiqar» , deb ayta olaman. Jur’atning o‘sish sur’atiga gap yo‘q! Rost, o‘qib ko‘zlarimga ishonmayapman! Nahotki shu O‘zA bo‘lsa, nahotki shu tashkilotda jurnalist uslubiga teginilmayotgan bo‘lsa?!
Ha, rost, hozir ham O‘zA uzatgan maqolalarni judayam berilib o‘qimaysiz, aksariyat tahlillar taxminlardan iborat, o‘qirman tafakkuriga darrov yuqadigan mulohazalar kam. Ammo baribir bunda bitta xosiyat bor: maqolalardagi jur’at kundan kunga oshayapti.
Yana bir yangilik. Endilikda Prezident suratlari ham obdan «ishlov»larsiz, fotoshopni qo‘llamaygina uzatilayapti. Xalq «fotoshopona» silliq, oydin qiyofani emas, mehnatda toblangan inson qiyofasini, chehrasida kunning issiq-sovug‘i aks etgan o‘g‘lonini ko‘rayapti. Saylovoldi mahali namoyish etilgan, prezidentlikka nomzod Sh.M.Mirziyoyevga bag‘ishlangan ko‘rsatuvning nomi bejiz «Xalq farzandi» deb nomlanmagan ekan. Bu hayotiy haqiqat ekanini ko‘rib turibmiz.
Bu juda-juda yaxshi mujdadir. Baribir, istasa-istamasa boshqa nashrlar O‘zA dan ravish oladi, ruh oladi! O‘zAdagi bu tarz o‘zgarishlar yaxshi «signal» – yashil chiroq yonganidan darak, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Xullas, boy berilgan mavqeni tiklash pallasi keldi. Jurnalistika yillar davomida siyosiy jabhaning faol ishtirokchisi, ijtimoiy reaksiyalar drijyori maqomidan mosivo bo‘ldi. Shaxsan men bunga kimnidir aybdor deb bilmayman. Ruhiyatimizdagi qo‘rqoqlik, boshni omon saqlash istagi inersiya qonuni bo‘yicha rivoj oldi, olaverdi va ko‘plar qatori matbuot ham bugungi «dorilomon kunlarga etib keldi». Qalay? O‘zimiz o‘ylab topgan bu kabi «gegelona mavhum» jumlalar bugun o‘zimizni iskanjaga olayaptimi endi?..
Tasalli shuki, bu kunlarni ko‘rdik. Yayrab yozadigan davrlarga qo‘lda qalam, dilda …. bilan etib keldik!
Behzod Qobulov “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi