Fransiyada ishlash imkoniyati: oylik 1650 yevro taklif etilmoqda

Fransiyada ishlash imkoniyati: oylik 1650 yevro taklif etilmoqda

Migratsiya agentligi Fransiyada mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari uchun xodimlar qabul qilinayotganini ma’lum qildi. Yangi dastur doirasida o‘zbekistonlik fuqarolar Fransiyaning Men va Luara hamda Rona hududlarida meva-sabzavot yetishtirish va hosil yig‘ib-terish ishlariga jalb etiladi.

Ma’lum qilinishicha, meva dalalaridagi ishlar 17 avgustdan boshlansa, sabzavot yetishtiriladigan hududlardagi mavsum 1 oktyabrdan start oladi. Nomzodlardan 25–45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, sudlanmaganligi, fransuz tilini muloqot darajasida bilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kamida uch yillik mehnat tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Tanlovda erkaklar ham, ayollar ham ishtirok etishi mumkin.

Dastur ishtirokchilari uchun oyiga 1650 yevro miqdorida ish haqi belgilangan. Viza, aviachipta, yashash va oziq-ovqat bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi nomzod tomonidan qoplanadi. Shu bilan birga, viza va aviachipta uchun sarflangan mablag‘larning ma’lum qismi ishga joylashgandan so‘ng Migratsiya agentligi tomonidan qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan.

Nomzodlar ish beruvchi vakillari ishtirokida onlayn suhbat orqali saralab olinadi. Arizalar “Xorijda ish” platformasi orqali 20 iyunga qadar qabul qilinadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar