Dam olish kunlari ob-havo keskin o‘zgaradi: qayerlarda yomg‘ir yog‘adi?

Dam olish kunlari ob-havo keskin o‘zgaradi: qayerlarda yomg‘ir yog‘adi?

O‘zbekistonda dam olish kunlari ob-havo sharoiti biroz o‘zgaradi. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Yakshanbadan esa yog‘ingarchilik to‘xtab, havo harorati yana ko‘tariladi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 3 iyul, juma kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati hamda kechki soatlarda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor. Kunduzi havo harorati 30–33 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 35–37 darajagacha yetadi.

4 iyul, shanba kuni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, ayrim hududlarda chaqmoq chaqishi kutilmoqda. Harorat juma kunidagi ko‘rsatkichlar atrofida saqlanib qoladi.

5 iyul, yakshanba kuni esa respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo yanada isib, kunduzi 34–37 darajagacha, janubiy hududlarda esa 39 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Shamol tezligi 7–12 metr/soniyani tashkil etadi. 3 iyul kuni ayrim cho‘l hududlarida shamol 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, 3–4 iyul kunlari tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi hamda sel-suv toshqinlari yuzaga kelish xavfi saqlanib qolmoqda.

Toshkent shahrida juma kechqurun va shanba kunining ertalabgi soatlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni esa poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzgi havo harorati 34–36 darajagacha ko‘tariladi.

Sinoptiklar dastlabki prognozlariga ko‘ra, 6 iyuldan boshlab respublikada yana issiq havo kuchayadi. Oyning birinchi o‘n kunligi oxiriga kelib, kunduzi havo harorati aksariyat hududlarda 37–40 darajagacha, janubda esa 41–43 darajagacha yetishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar