Farg‘ona shahrida yangi San’at saroyi ochildi

Mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilingan kunning 22 yilligi farg‘onaliklar uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan viloyat markazida bunyod etilgan San’at saroyi 6 dekabr kuni tantanali ravishda ochildi, Bu haqida «UzA»ga asoslanib «Kun.uz» xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbarining 2011 yil 15 noyabrdagi “Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015 yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo‘llar, xiyobonlar bunyod etilayotir.
Bunday ishlar samarasida Farg‘ona shahrining markazi qaytadan bunyod etildi. Shahar atrofida kichik xalqa yo‘li qurildi. Yo‘l bo‘ylariga hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar ekildi. Mustaqillik va Ahmad Farg‘oniy ko‘chalarida landshaft arxitekturasi asosida Kashtanlar xiyoboni tashkil etildi. Bu shahar havosi musaffoligini ta’minlab, aholining hayot sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy uy-joylar, 20 ming o‘rinli stadion, Suv sporti majmuasi noyob me’moriy echimi, o‘ziga xos dizayni bilan Farg‘ona shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.
Farg‘ona ahli azaldan san’at va madaniyatni yuksak qadrlaydi. Viloyatda 4 teatr va 14 muzey, 1628 kutubxona va axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Farg‘ona shahrida bunyod etilgan San’at saroyi viloyat ahli uchun yana bir tuhfa bo‘ldi.
Mazkur muhtasham koshona milliy va zamonaviy me’morlik an’analarini o‘zida uyg‘unlashtirgan. Eshik va ustunlari sharqona naqshlar bilan bezatilgan. Tomoshabinlar uchun barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan. Sahna atrofiga zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Qirq gektar maydonda barpo etilgan so‘lim xiyobon, rangli chiroqlarda jilolanuvchi musiqali favvora saroyga yanada chiroy bag‘ishlab turibdi.
Ushbu san’at koshonasining ochilish marosimi haqiqiy bayram tusini oldi. Unda turli vazirlik, idoralar va jamoatchilik vakillari, san’at va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov farmonlariga muvofiq Mustaqilligimizning 23 yillik bayrami arafasida Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga ushbu mukofotlar topshirildi.
Marosimda san’at ustalari, yosh ijodkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.
Foto: UzA “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing