date

O‘zLiDePning «Ishbilarmon talaba-2015» stipendiyasi g‘oliblari aniqlandi

O‘zLiDePning «Ishbilarmon talaba-2015» stipendiyasi g‘oliblari aniqlandi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim - O‘zbekistonim” shiori ostida yoshlar anjumani hamda uning doirasida akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Ishbilarmon talaba-2015” stipendiyasi ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Respublikamizning barcha viloyatlarida mazkur tanlovning viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni Namangan “Yoshlar markazi”da karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi.

Tadbirda so‘z olganlar yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligigining yigirma to‘rt yilligi bayrami bilan qizg‘in tabriklab, mamlakatimizda yoshlarga bilim olishlari, hunar egallashlari uchun yaratilgan sharoitlar, partiya loyihalari, jumladan, 2004 yildan beri har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon talaba” stipendiyasi ko‘rik-tanlovi o‘quvchi yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishda, ularda vatanparvarlik, mehnatsevarlik fazilatlarini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayoganligini alohida ta’kidladilar.

Shundan so‘ng tanlov jarayoni boshlandi. Hakamlar hay’ati a’zolari o‘quvchi yoshlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Ishtirokchilarning biznes rejasi, kompyuter savodxonligi, O‘zLiDeP faoliyatidan qay darajada xabardorligi hamda kelgusidagi orzu istaklari haqida suhbatlashildi.

- Bugungi tanlovga o‘simliklarni suv sharoitida o‘stirishga mo‘ljallab yasalgan mo‘’jazgina texnikamni olib keldim, - dedi Sirdaryo sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Durdona Mamadiyorova. - Uni yasash juda murakkab emas. Buning uchun suv tortib beradigan motor, rezina shlang va 2 ta maxsus konteyner bo‘lsa, bas. Bu 7-8 metr joyni egallaydi, xolos. Men gullarni qanday qilib shu usul bilan o‘stirishni ko‘rsatganman. Bu texnologiya yordamida nafaqat gul, balki bodring, pomidor ko‘chatlarini ham tuproqsiz, faqat suv aralashtirilgan o‘g‘it yordamida bemalol parvarish qilish mumkin.

- Men Buxorodagi Kogon qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘qiyman, - dedi Nilufar Yo‘ldosheva. – Bilasiz, Buxoro tarixiy shahar. Shuning uchun bu erga xorijiy mamlakatlardan har yili minglab sayyohlar kelishadi. Tarixiy obidalarni ziyorat qilishadi. Albatta, ularni xalqimizning milliy urf-odatlari, kasb-kori, hunarmandchiligi ham qiziqtiradi. Buxoroda milliy hunarmandchilikning ham o‘z an’analari bor. Men kulolchilikka qiziqaman. 1 yildan beri ustozim Alisher Narzullaevdan shu kasbning sir – asrorlarini o‘rganmoqdaman. Bugungi tanlovga o‘zim yasagan milliy lagan, o‘zbek otaxonlari, onaxonlari qiyofasini aks ettirgan kichik haykalchalarni olib keldim.

Biznes rejamda ham kulolchilik sexi ochib, milliy hunarmandchilik mahsulotlari yaratishni, bu mahsulotlarni savdo do‘konlarida sotishni va shu yo‘l bilan moddiy foyda olishni rejalashtirganman.

Qoraqalpog‘istondan kelgan o‘quvchi yoshlarning milliy liboslari, tayyorlagan ko‘rgazmalari ham ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi.

– Bugungi tanlovga o‘zim yasagan dutor, uy-ro‘zg‘or buyumlaridan yog‘och qoshiq, xon taxta, cho‘mich, ot arava, urchuq, o‘tov, sandiqchalarni olib keldim, - deydi Chimboy qishloq xo‘jaligi va kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Millivoy Bazarbaev. –Garchi bunday buyumlar bugun turmushimizda kam uchrasada, lekin ota-boblarimizning o‘tmishdagi hayot tarzlarini tasavvur etishimiz, bugungi texnika va texnologiya asri bilan qiyoslashimiz uchun zarur deb hisoblayman.

Poytaxtlik o‘quvchilar ham o‘z iste’dodlarini namoyish etishda boshqalarga namuna bo‘lishdi.

Ko‘rik tanlov yakunida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni olgan barcha o‘quvchilarga O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi faxriy yorliqlari, partiya viloyat kengashlari va boshqa homiy tashkilotlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mustaqilligimizning yigirma to‘rt yilligi bayrami arafasida “Betakrorimsan, yagonasan, Ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar Namangan viloyatining diqqatga sazovor joylari, tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdilar. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Dilrabo SD”, Namangan shahridagi “Namangan momiq sochiqlari” korxonalaridagi uchrashuvlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zLiDePning «Ishbilarmon talaba-2015» stipendiyasi g‘oliblari aniqlandi