09:31 / 17.08.2017
7 561

Prezident ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi bo‘yicha majlis o‘tkazdi

Prezident ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi bo‘yicha majlis o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro integrasiyani ta’minlagan holda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning borishi, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish, yangi ochilgan oliy ta’lim muassasalari, filiallar faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq ishlar holati bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori M.Xolmuxamedov, Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va ularning o‘rinbosarlarini qabul qildi va hisobotlarini tingladi.

Majlisda Prezidentning davlat maslahatchisi A.Yunusxodjaev, Bosh vazir o‘rinbosari J.Kuchkarov va Hisob palatasi raisi M.Ikromov qatnashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish borasida berilgan topshiriqlar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

Belgilangan vazifaga muvofiq, umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘z hohishiga ko‘ra 10-sinfda o‘qishini davom ettirishi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qamrab olish ishlari izchil davom etmoqda.

O‘quv rejasiga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2703 ta maktab uchun 1103 ta maktabda, 6956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.

Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Shularning 9,5 ming nafari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan, 13 ming nafari lisey va kollejlar o‘qituvchilarini jalb etish hisobidan qoplash rejalashtirilyapti.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab, 10-sinflarda dars beradigan 116 ming nafar o‘qituvchining kasbiy bilimlarini yangilash va chuqurlashtirish maqsadida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.

10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, ayni paytda ta’lim muassasalariga etkazilmoqda.

Ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha vertikal tizim yaratilib, vazirlikdan hududlarga 14 nafar, hududiy xalq ta’limi boshqarmalaridan tuman va shaharlarga 195 nafar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlaridan har bir maktabga mas’ullar biriktirildi.

Bu yil 1-sinfga qabul qilinadigan 650 ming nafar o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq etkazildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni tanlab olish va ularni oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashni tashkil etish uchun har bir oliy ta’lim muassasasi huzurida bittadan akademik lisey ochish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.

O‘rta maxsus kasb-hunar muassasalari tarmoq vazirliklari va davlat qo‘mitalariga biriktirib berildi.

10-11 sinflar joriy etilib, kollejlarda kontingent qisqarishi munosabati bilan mavjud moddiy texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida 7 ta kollej va akademik lisey negizida yangi 3 ta oliy ta’lim muassasasi filiallari va 1 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etilmoqda.

Muloqot chog‘ida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ortiqcha hisobotlar, turli byurokratik topshiriqlardan ozod etish, ularning ilmiy salohiyatlarini ta’lim mazmuni va sifatini yanada yaxshilash, ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, eng ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, har jihatdan zamonaviy tizim yaratish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bolalarning qiziqish va intilishlarini hisobga olgan holda, ularga maktabgacha bo‘lgan davrda har tomonlama puxta ta’lim va tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, qalbi va ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirib borish, shu orqali ularni ona Vatanga muhabbat, pokiza orzular ruhida kamol toptirish bugungi kundagi eng muhim, eng dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Zero, farzandlarimizning maktabda qanday o‘qishi, qanday yuksak maqsadlar bilan kamol topishi ko‘p jihatdan ularning maktabgacha ta’lim muassasasida oladigan tarbiyasiga bog‘liqdir.

Majlisda davlatimiz rahbari tomonidan maktabgacha ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, boshqaruv tuzilmasini tashkil etish, mazkur muassasalarga bolalarni 100 foiz qamrab olishga qaratilgan alohida dastur ishlab chiqish, boshlang‘ich ta’lim muassasalariga qator imtiyozlar berish, shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi malaka oshirish institutlarida ta’lim mazmunini sifat jihatdan tubdan o‘zgartirish, ularni eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari tarkibiga o‘tkazish orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilariga eng kuchli va tajribali professor-o‘qituvchilar ta’lim berishiga erishish borasida muhim vazifalar belgilab berildi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mutasaddi vazirlik va idora rahbarlariga 25 avgustiga qadar barcha ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash hamda Investisiya dasturiga kiritilgan ta’lim ob’ektlarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini yakunlash, ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi bo‘yicha majlis o‘tkazdi