16:24 / 25.04.2019
3 981

«O‘zgidromet» apreldagi kuchli yog‘ingarchilik sababini izohladi

«O‘zgidromet» apreldagi kuchli yog‘ingarchilik sababini izohladi
Bu yilgi aprel O‘zbekistonda yomg‘irli ob-havosi bilan ajralib turibdi. Aprel oyining boshidan boshlab to hozirgi kungacha respublikaning shimoliy tumanlari va Farg‘ona vodiysidan tashqari mamlakat hududining katta qismida turli jadallikdagi yomg‘irli kunlar kuzatildi. Yog‘inlar miqdori esa oylik me’yordan oshib ketdi, ba’zi kunlari esa bir necha soat davomida bir oylik yomg‘irning deyarli yarmi yog‘ib o‘tdi.

«O‘zgidromet»ning Kun.uz`ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bunday yomg‘irli ob-havoning sababi shundaki, deyarli butun oy davomida O‘zbekiston hududi ustida janubda hosil bo‘lgan nam havo oqimlari Rossiyaning Yevropa hududidan kirib kelgan nisbatan sovuq havo oqimlari bilan doimiy ravishda qo‘shilib turdi. Havo oqimlarining bunday bir-biriga qo‘shilishi kuchli jala hosil bo‘lishi uchun qulay sharoitlar yaratdi.

Aprel oyidagi bunday yog‘inlarni anomal, g‘ayrioddiy hodisa deb bo‘lmaydi, aprel yilning eng nam oylaridan biri hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham bunday seryomg‘ir aprel kamroq – 4-5 yilda 1 marta kuzatiladi.

2002 va 2009 yilning aprel oylari ham shunday yomg‘irli bo‘lgan. Eng nam aprel Toshkentda 1990 yilda kuzatilgan. O‘shanda bir oy davomida yoqqan yomg‘ir deyarli 3 oylik me’yorni tashkil qilgan. Yarim oylik yog‘inlar miqdori 1 kunning o‘zida yoqqan.

Oxirgi kunlarda kuzatilgan, uzoq muddat davom etgan yomg‘irdan so‘ng (10 kun atrofida), ayniqsa 19-apreldan 21-aprelgacha bo‘lgan davrda, shuningdek 24 aprelda respublikamizda jala yomg‘irlari yog‘ib o‘tdi. Bugundan boshlab yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi va yaqin kunlarda bunday kuchli yomg‘irlar kutilmaydi.

Bu Kaspiy dengizi rayonlaridan kirib kelayotgan sovuq havo massalariga bog‘liq bo‘lib, shu sababdan yog‘ingarchilik extimoli kam, lekin me’yordan ancha past bo‘lgan (10-12 dar.) nisbatan sovuq havo harorati kuzatiladi. Kechqurun harorat 5-8 daraja iliqqacha pasayadi, 25-27 aprelda kunduz kunlari 13-16 darajadan ko‘tarilmaydi.

Sovuq havo massalarining ta’siri uzoq davom etmaydi, 3-4 kundan keyin sovuq havo respublikamizdan sharq tomonga siljishi va Turkmaniston tumanlaridan bizga issiq havo kirib keladi va bahorning quyoshli iliq kunlari boshlanadi. Harorat aprel oyi oxiri uchun xos bo‘lgan me’yoriy ko‘rsatgichlarga qaytadi va kechasi 8-13 daraja, kunduzi 22-27 daraja iliqni tashkil qiladi. Oy oxirida yog‘ingarchilik bo‘lish ehtimoli kam.

May oyida esa oylik o‘rtacha havo harorati aprel haroratidan 6-8 darajaga yuqori. Oy davomida bahorga xos bo‘lgan beqaror ob-havo sharoitlari kuzatilishi mumkin. Mayda ikki-to‘rt martta sovuq va issiq havo oqimlarining almashinishi kuzatiladi, bu davrlar 2 kundan, ba’zi hollarda 9-10 kungacha davom etishi mumkin.

O‘rtacha maksimal harorat may oyida O‘zbekistonning katta qismida 25-30 darajani, respublikaning janubida va cho‘l zonalarida 30-35 darajani tashkil qiladi.

Eng issiq yillarda may oyida kunduzgi harorat 38-40 darajani, janubda 41-43 darajani tashkil qilgan. Eng sovuq davrlarda kechasi harorat ba’zi xollarda 6-8 daraja iliqqacha pasayishi mumkin.

Odatda may oyidagi yog‘ingarchiliklar yomg‘ir ko‘rinishida, faqat baland tog‘li hududlarda ho‘l qor ko‘rinishida yog‘adi. Oylik yog‘ingarchilik miqdori aprel oyiga qaraganda 1,5 marta kam. Ammo yomg‘irlar ko‘pincha jala ko‘rinishida, uzoq davom etmasa-da, kuchli bo‘lishi mumkin. May oyida momaqaldiroqlar ko‘proq gumburlaydi, shamol ham ancha kuchli esadi. Tog‘oldi hududidagi kuchli yomg‘irlar sel oqimlari hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Bu yilgi may oyi bizni iliq va quyoshli havo bilan qarshi oladi. Havo harorati me’yorlar atrofida bo‘lishi, ba’zan iqlimiy me’yorlardan yuqori bo‘lishi mumkin.

Kelasi oyda kechasi harorat 10-15 daraja, kunduzi 23-28 daraja bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «O‘zgidromet» apreldagi kuchli yog‘ingarchilik sababini izohladi