
"Men 1996-yili turmushga chiqdim. Erim bilan juda ahil va inoq yashar edik. Qaynonam esa o'z qiziday sevardi. Ammo arzimas bir voqea baxtimni poymol qildi, shirin turmushga og'u soldi.
O'sha kuni erim ishxonasidan mukofot puli olib, onasiga ko'ylak olib kelgan edi. Buni ko'rib fe'lim buzildi. "Turmush qurganimizga 3 yil bo'libdi-yu, hali menga tuzukroq bir sovg'a qilmadi", deb o'yladim. Erimga aytuvdim, "Farzand ko'rganimizdako'ylak olib berdim-ku", dedi u bamaylixotir. Xunobim oshdi. Keyin uyga borganimda oyim yaramga tuz sepdilar: "O'zi ering orzu-havas nimaligini bilmagan yigit ekan...Munkillagan onasini yasantirish o'rniga oilasini o'ylasa bo'lmaydimi? Axir sen yoshsan, avji o'ynab-kuladigan davring. Hozir kiymasang, qachon kiyasan? Adashdim, adashdim, bo'lmasa o'sha tagi pastlarga qiz berarmidim.." Oyimning gaplari meni tamoman yo'ldan ozdirdi. To'nimni teskari kiyib oldim. Erim va qaynonam hayron. Ona-bola nasihat qilishsa- kar, yo'l ko'rsatishsa- ko'r bo'lib oldim. Go'yo izzat-nafsim poymol, qadrim yer bilan yakson, obro'yim bir pul, dillarim vayron. Ammo qattiq yanglishgan ekanman.
Xullas, erim va qaynonamning yalinib-yolvorishlari, pandu nasihatlari kor qilmadi, ajrashib ketdim. Ishga kirib dil yaralarim tuzalganday bo'ldi. Ammo o'g'lim "dada, dada"lab yig'laganida, "Tor qornimga siqqan, keng uyimga ham sig'adi", deb ajratib olgan onamning endi malol ko'rganday qovoq-tumshuq osiltirib olganida naqadar mash'um xatoga yo'l qo'yganimni tushunim yetdim. Bir parcha mato deb, shunday mehribon, yaqin kishilarimdan yuz o'girganimni o'ylab tuni bilan oh chekaman, ko'z yoshlarim jaladay quyiladi".
Qaynona- xonadonning eng katta bekasi, xonimi, eringizning mehribon, saxiy onasi. Eringizning muhabbati va hurmati boshingizni aylantirib qo'ymasin, uyda o'zingizni xo'jayin his etib hukm yuritmoqchi bo'lmang. Bu bilan qaynonangiz va o'zingiz o'rtangizga sovuqchilik tushirasiz, choh paydo qilasiz, eringiz va yaqinlaringizning nazaridan qolasiz.
Shunday ekan, yuqoridagi voqeadan o'zingizga to'g'ri xulosa chiqarib olishingiz kerak bo'ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar