date
views 2 728

Vayron qasr

Vayron qasr
Xonadoningizga kelin keldi. Balog'atga yetgan, ota-onasiga ardoqli, suyukli bir qizning o'z ashyonini ixtiyoriy tark etib, sizning uyingizda yashay boshlashga nima majbur qildi?

Bundan murod u sizning o'g'lingiz bilan turmush, degan ulkan qasrni birga qurmoqchi, hayot davomiyligini ta'minlamoqchi. Bu Allohning amri, Rasulullohning ko'rsatmalariga bo'ysungan muslima ayolning fidoyiligi, sadoqati. U er oldidagi burchlarini bajarmoq uchun eri va yaqinlarining xizmatiga hoziru nozir. Bu yo'lda har qanday qiyinchilik va sinovlarga chidaydi. Ana shu er tufayli qaynota va qaynonani o'z ota-onasidana'loroq suyadi va hurmat qiladi. Eriga ehtiromi sababidan uning ini, singillarini izzat qiladi. Bu uning mazlumaligidan yoki tili qisiqligidanemas, balki oilaga, eriga ishqi va sadoqatidandir. Eri bo'lmasa, uning uchun bu xonadon g'amxonaga, uning ota-onasi-yu yaqinlari shunchaki hamxonaga aylanadi. Er bo'lmasa, unga turmushning qizig'i qolmaydi, hayotning ma'nisi ketadi. Ammo ayrim xonadonlarda qaynonalar to'ydan keyinoq o'g'illarini kelinidan qizg'anadilar.

To'g'ri, ularning ahvolini tushunish kerak. Kechagina onasini o'tqazgani joy topolmayotgan, mehribonlik ko'rsatayotgan o'g'il bugun boshqa bir ayolni ardoqlay boshladi. Demak, mehr ikkiga bo'linadi. Bu esa qaynonaning izzat-nafsiga tegadi, o'zini kamsitilgan his etadi. Buni anglagan ayrim hushyor yigitlar onalari huzurida xotiniga sal "qirovida" turishadi. Muomalada ko'pda ro'yxushlik ko'rsatishmaydi. Onalariga aslo xotinlarini, uning yaqinlarini maqtashmaydi. Aksincha, kamsitib turishga harakat qilishadi. Bu ahvolni ko'rgan ona kelini tomoniga o'tib oladi. Sal ko'ngli bo'shroqlari xotiniga "qo'pollik" qilayotgan o'g'illarini tergashga, tanbeh berishga kirishadilar. Oilasi buzilib ketmasin, deb ko'z-quloq bo'lib turishadi. Ammo ba'zi yigitlarimiz bor: birinchi kunlardanoq ota-ona oldida xotinga alohida iltifot, izzat-ikrom ko'rsata boshlaydilar. To'g'ri, uni sevasan, u sening jufti haloling. Hurmatini joyiga qo'yib, aybini yashirib, xulqini oshirib ko'rsatishing shart. Lekin bu ish, ayniqsa, qaynona huzurida bo'lmasligi kerak. Ayrim onalarning o'z o'g'illarini kelindan qizg'anishi ular tabiatiga xos narsa ekanini bir dam ham esdan chiqarmaslik lozim. Shuning uchun, mutaram kuyovlar, ona va xotin o'rtasida munosabatlar izdan chiqmasligi uchun siz biroz "ikkiyuzlamachiroq" bo'lishingiz, erkaklik rolingizni qiyomiga yetkazib o'ynashingiz kerak. Xotiningizni mayda-chuyda ishlarda ham onangizdan maslahat so'rashga, unga doimo itoatda bo'lishga o'rgating. Hech qachon kattalar huzurida unga alohida e'tibor, iltifot ko'rsatmang. Sal "viqor" bilan turing. Biror sovg'a hadya qilmoqchi bo'lsangiz ham, uni o'ziga topshirmay, onangizga bering. "Shuni kelingizga atab oluvdim, xohlasangiz, berarsiz, bo'lmasa, o'zingizga qoldirarsiz", deb bemalol aytavering. Har bir qaynona ana shu gapdan keyin sovg'ani o'zi olmay, keliniga topshiradi. Chunki kelin oldida tili qisilishini xohlamaydi. Yo bo'lmasa o'g'il nima olsa ham ikkita, onasiga va xotiniga olishi kerak. Ana o'shanda ona ham ranjimaydi, aksincha, xursand bo'ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Vayron qasr