
Parlament quyi palatasining yaqinda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida xalq noiblari tomonidan bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Shulardan biri —“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasidir.
Majlisda ta’kidlanganidek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasida, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini berish, jamoatchilik kengashi tarkibini shakllantirish nazarda tutilgan.
Lekin ushbu qonunlar qabul qilinganidan beri o‘tgan davr mobaynida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi berish amaliyoti kuzatilmadi. Natijada sotsial, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqish, umumlashtirish, ularni baholash bo‘yicha tuzilishi lozim bo‘lgan jamoatchilik kengashlari ham amalda ishlamadi.
Shuning uchun ham deputatlar o‘z majlisida ana shu o‘ziga yarasha “bo‘shliq”ni to‘ldirish — davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibini soddalashtirishga qaror qildilar.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi davlat ijtimoiy buyurtmasi berish tartibi takomillashishiga, bir davlat boshqaruvi organida o‘xshash va takrorlovchi vazifa hamda funksiyalarga ega bo‘lgan jamoatchilik kengashlari tuzilishini nazarda tutuvchi normalar bekor bo‘lishiga olib keladi.
Shunda sohada ortiqcha byurokratizmning oldi olinishi, nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqil bo‘lishi ta’minlanishi qayd etildi.
Ziyoda ASHUROVA
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar