1 442
Nega Ronaldu va Mourino bir-birini yomon ko‘radi? Ular “Roma”da yana birga ishlashi mumkin, ammo...
Yevropa futbolida transfer haqidagi mish-mishlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Krishtianu Ronaldu nafaqat maydondagi, balki maydon tashqarisidagi harakatlari bilan ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi paytlarda OAV orqali KriRoning "Manchester Yunayted"dan hafsalasi pir bo‘lganligi va bu yozda klubni tark etishni xohlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Portugaliyalikka asosiy da’vogarlardan biri Joze Mourino boshchiligidagi “Roma” hisoblanadi. Rimliklarning sobiq futbolchisi Anjelo Di Livio klubdagi manbalariga tayanib, kelishuv 7 iyuldayoq rasman e’lon qilinishi mumkinligini aytdi.
Azaldan bilamizki, Joze va Krishtianu o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi emas. Garchi ular bir jamoada ishlagan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda ikki portugaliyalik o‘rtasida nizo kelib chiqqanligi aytiladi. Keling, bugun shu haqida batafsilroq to‘xtalamiz.
"Real"da birga ishlashlaridan oldin: tuxmatlar va tahdidlar
Ronaldu va Mourino Madridda birga ishlashdan oldin ham bir-birlarini yoqtirmasdilar. Ilk mojaro 2007 yilda sodir bo‘lgandi. Mavsum oxirida 22 yoshli Krishtianu "Manchester Yunayted" bilan birga Premer liga oltin medalini qo‘lga kiritdi. Joze boshchiligidagi "Chelsi" esa ulardan 6 ochko ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘shanda mutaxassis o‘ziga xos uslubda, hakamlar "Manchester Yunayted"ning raqiblariga juda ko‘p penalti qo‘yganini aytib, “qizil iblislar”ni tanqid qildi. Krish bunga javoban "Chelsi" ustozi mag‘lubiyatni tan olishni bilmasligini aytdi.
Bu “vulqonning otilishi”ga sabab bo‘ldi: “Agar Ronaldu jamoasi foydasiga noto‘g‘ri penaltilar belgilanganligini bilmasa, demak u yolg‘onchi. Agar u haqiqatni tan olishni istamasa, Ronaldu hech qachon o‘zi xohlagan narsaga erisha olmaydi”, — dedi Mourino
Joze keyingi intervyusida qo‘shimcha qildi: “Bu bolakay hali yetuklik va o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatishni bilmaydi. Ehtimol, bu yoshligida yaxshi ta’lim olmaganligi natijasidir”.
“Real”dagi faoliyat: yarashish va mojaroning janjal bilan yakunlanishi
2010 yilda Joze va Krishtianu "Real"da yana uchrashishdi. Mourinoning Madriddagi ilk mavsumini yaxshi deb bo‘lmaydi. Uning jamoasi o‘sha yili Gvardiola boshchiligidagi “Barselona”dan 0:5 hisobidagi yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi va La Ligada kataloniyaliklardan 4 ochko ortda qoldi.
Joze "Real"da targ‘ib qilgan himoyaviy o‘yin uslub hech kimga yoqmas edi. Ular orasida Ronaldu ham bor edi. Chempionlar ligasi yarim finalida “Barselona”ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Krishtianudan jamoa o‘ynayotgan taktika sizga yoqadimi, deb so‘rashdi: "Yo‘q, menga bu yoqmaydi, lekin men bugungi kunda murabbiyning sxemasiga moslashishim kerak. Chunki, “Real” “aniq strategiya” bo‘yicha o‘ynamoqda", - deya javob qaytardi hujumchi.
O‘sha haftada Krishtianu "Saragosa" bilan o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi va "Real" mazkur bahsda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Futbol olamidagi eng taniqli agentlardan biri bo‘lgan Xorxe Mendesh vaziyatga aralashdi. U hozirgi kungacha Ronaldu va Mourino bilan birga ishlab keladi. Xorxe holatni to‘g‘ri tahlil qilib, 2011 yilda ikki portugaliyalikni yarashtirishga harakat qilib ko‘rdi. U murabbiy va futbolchini to‘liq yarashtira olmadi, lekin vaziyatni biroz yumshatdi. Mish-mishlarga ko‘ra, Joze Krishtianuga: "Men senga g‘amxo‘rlik qilishim kerak, chunki sen mening akamning ukasisan (Mendesh nazarda tutilgan - tahr)", - degan.
Bu jamoaga foyda keltirdi. Keyingi mavsumda "Real" La Ligada 100 ochko to‘pladi va "Barselona"ni 9 ochkoga ortda qoldirib, ishonchli tarzda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ronaldu ham Madridda o‘zining eng sermahsul mavsumini o‘tkazdi — barcha musobaqalarda 68 ta gol.
Ammo 2013 yil yanvar oyida hamma narsa yana yomon tomonga o‘zgardi. “Real” Ispaniya kubogi chorak finalining birinchi o‘yinida “Valensiya”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi, biroq Mourino o‘yin oxirida Ronalduning himoyadagi harakatlaridan norozi bo‘lib, butun jamoa oldida uni tanqid qildi. Keyinchalik nima sodir bo‘lganligi haqida bir nechta taxminlar mavjud.
Ispaniyalik jurnalist Gilem Balage o‘zining Ronaldu haqidagi biografik kitobida shunday yozgan edi: “Krishtianu g‘azabini jilovlay olmay, zahira o‘rindig‘idagi Jozega baqira boshladi: “Siz uchun qilgan barcha ishlarimdan keyin meni tanqid qilishga qanday jur’at etdingiz?”.
Mojaro kiyinish xonasida ham davom etgan. Aytishlaricha, Mourino Ronalduga: “Biz nega himoyaviy futbol o‘ynashimizni bilasanmi? Seni deb! Chunki sen himoyada harakat qilmaysan va raqib hujum qilayotgan paytda ortga qaytishni xayolingga ham keltirmaysan”, — degan gaplarni aytgan.
Ish shu darajaga yetganki, “Real” futbolchilari deyarli mushtlashishgacha borgan ikki portugaliyalikni ajratishgan.
“Mourinoning munosabati meni hayratda qoldirdi. Ispaniya kubogida 2:0 hisobida g‘alaba qozondik. Ronaldu o‘z vaqtida to‘pdan qutilmadi va raqibga oldirib qo‘ydi. Bu holat Jozening jahli chiqardi. Ular maydonda tortishib qoldilar. Tanaffus paytida kiyinish xonasiga qaytdik. Ronaldu yig‘lab yuborgudek ahvolda edi. “Qo‘limdan kelgancha harakat qilaman, lekin u haligacha tanqid qiladi”, dedi u. Mourino murabbiylar o‘rindig‘ida o‘tirib, Krishtianuni o‘yin davomida qilgan harakatlari uchun tanqid qila boshladi. Vaziyat shu qadar o‘zgarib ketdiki, o‘yinchilarning aralashuvi ular o‘rtasida janjanli to‘xtatib qoldi” - deydi Luka Modrich o‘sha vaziyatni eslab.
Oradan bir necha oy o‘tib Ronaldu "Real" safidagi 200-golini urdi. Shundan so‘ng u Mourinoga kurakda turmaydigan so‘zlarni gapirdi va unga maydondagi harakatlari bilan javob qaytarishini aytdi. Qisqa qiladigan bo‘lsak, bu ikkovi endi birga ishlay olmasligi aniq edi. Bu vaqtga kelib Joze jamoaning yarim a’zolari bilan janjallashib qolgan va shu bois, 2013 yilning yozida “Real”ni tark etdi.
“Men Mourino haqida gapirishni istamayman. Menimcha, bu inson muhokama qilinishga loyiq emas. Shuning uchun men bunga to‘xtalmoqchi emasman”, — dedi Ronaldu o‘sha yili.
“Real”dagi faoliyatdan keyin: ular hali ham bir-birlaridan nafratlanishadimi?
Keyingi yillarda Krishtianu va Joze bir-birlari haqida nomaqbul gaplarni aytishni to‘xtatdi. 2016 yilda Mourino Portugaliya terma jamoasining Yevropa chempionatidagi g‘alabasidan so‘ng Ronalduni tabrikladi.
“Krishtianu bilan faqat bitta muammom bor edi. O‘zgartirishi kerak bo‘lgan harakatlarini aytib, uni taktik nuqtai nazardan tanqid qildim. U hamma narsani o‘zim bilaman deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Aslida, murabbiy uni yanada rivojlanishiga yordam berishni istaydi. Menga egoist o‘yinchilar yoqmaydi, shaxsiy maqsadlarini jamoadan ustun qo‘yadiganlar bilan kelisha olmayman. Bu esa murabbiyning ishini murakkablashtiradi”, — dedi Mourino keyinroq bu voqealarni eslab.
Ammo so‘nggi yillarda Mourino Ronaldu haqida faqat ijobiy fikrlarni gapirdi. Mana uning 2021 yilning yozidagi gapi:
“Hamma aytadi, men ham xuddi shunday deyman. Ronaldu endi 25 yoshda emas. U allqachon 36 yoshga to‘lgan. Ha, to‘g‘ri, Krish bir yilda 50 ta gol urmayapti, lekin shu yoshida ham 35 ta gol muallifiga aylangan. Statistikalar aqlbovar qilmaydigan ko‘rinishda. Uning qanday futbolchi ekanligini raqamlarning o‘zi gapiradi. Ronaldu — afsona, futbol tarixida abadiy qoladigan buyuk nomlardan biri. U hamon rekordlarni yangilashdan to‘xtashni istamayapti. Menimcha, tanqid ham unga turtki beradi. U hali ham nimadandir qo‘shimcha motivatsiya olishni biladi. Agar, unga raqib bo‘lsangiz ham Krishtianu haqida yomon gapirishga haqqingiz yo‘q, chunki u haqiqiy afsona”.
Bu gaplardan keyin Ronalduning ham Jozega nisbatan fikri o‘zgargani aniq. Undan Mourino bilan yana ishlash ehtimoli haqida so‘ralganda, "Nega bo‘lmasligi kerak?", deb javob berdi. 2015 yilda esa u Mourinoni dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb atagan. Mish-mishlarga ko‘ra, futbolchi Turinda o‘ynagan paytida mutaxassisni "Yuventus"ga murabbiy qilib tayinlanishini talab qilgan.
Ha, hozir murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi jiddiy mojaro yo‘q. Ehtimol, yozda biz yana Mourino hamda Ronaldu juftligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Portugaliyalik “Roma” bilan shartnoma imzolashi qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilmaymiz, biroq Rimda bu ikki futbol afsonasini yana bir bor ko‘rish, hech bir muxlisni ranjitmasa kerak, chamamizda.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi