20:30 / 11.07.2023
169

Katta klublarning yozdagi tushunarsiz xaridlari haqida

Katta klublarning yozdagi tushunarsiz xaridlari haqida

Fotokollaj: Real Madrid / Barcelona / Manchester United

Bu yozgi transferlar oynasi ancha faol kechmoqda va hali iyulning yarmiga yetmasdan odatda so‘nggi kunlargacha cho‘ziladigan kelishuvlar amalga oshib ulgurdi.

Tabiiyki, masalan, Makalisterning «Liverpul»ga o‘tishi kabi uzukka ko‘z qo‘ygandek transferlar yetarli, ammo bu safar ko‘proq savol uyg‘otadigan o‘tishlarga to‘xtalib o‘tamiz. Katta pullar sarflangan bir qator katta transferlar borki, bir qaraganda, ma’lum bir muammoga yechimdan ko‘ra, murabbiylar qarshisida yangi masalalarni paydo qiladi. Bu shubhalar bu o‘tishlarning riskini oshirish bilan birga murabbiylardan alohida bir rejalar, yangi sxemalar va qo‘shimcha mehnat talab qiladi. Quyida o‘xshab qolsa, shubhasiz, jamoani bir pog‘ona yuqoriga kuchaytiradigan, ammo aksincha ehtimoli ham mavjud bo‘lgan transferlar haqida.

Jud Bellinhem – REAL MADRID. 100 million yevro

Karim Benzemaning ketishi madridliklarning hujum chizig‘iga yangi futbolchi sotib olishni taqozo qiladi. Tabiiyki, Xoselu bu o‘ringa, ya’ni «Real»ning asosiy hujumchisi bo‘lishga munosib emasdek. Kilian Mbappening kelishi ehtimoli esa Benzema qoldirgan bo‘shliqni to‘liq yopishi qiyin. Albatta, «Real»dan yoz oxirigacha hujum chizig‘iga yana bir katta futbolchini kutishimiz mantiqan to‘g‘ri, ammo u holda, agar Vinisiusning ham almashtirib bo‘lmas futbolchi ekanini inobatga olsak, himoya+hujumdagi qolgan 4 pozitsiyaga nomzodlar haddan tashqari ko‘p emasmi? Valverde, Kroos, Modrich, Chuameni, Kamavinga va Bellinhem. Asosiy tarkibga intilayotgan va ko‘pincha ishonchni oqlaydigan Rodrigoni ham unutmaslik kerak. Yana bir yangi xarid bo‘lmish Arda Guler ijaraga ketmaydigan bo‘ldi, u qancha daqiqalarga ega bo‘ladi?

Albatta, Modrich yoki Kroos qirqdan ortiq uchrashuvda qatnashishi dargumon, ammo qachongacha katta pulga olib kelingan Tchuameni yoki Kamavingadan zaxira variant yoki qanot himoyasini yopishda foydalaniladi? Ko‘p futbolchilarga yetarli daqiqalarni topib berish imkoni bor, ammo qimmat narxga kelgan yuqori ambitsiyali futbolchilar o‘zining baribir ikkinchi darajali o‘yinlarda tushayotganini his qilishi oqibati nima bo‘ladi? Bir futbolchining kelishi boshqa futbolchining o‘sishida salbiy ta’sir qilishi, balkim, yakunda, yetarli imkoniyat berilmay sotilishi Bellinhem transferini qanchalik foydali qiladi? Savollar ko‘p.

Foto: «Real» rasmiy sayti

Karlo Anchelotti shogirdlarining kuchli tomonlaridan kelib chiqib, mos sxema va taktika topishiga o‘rganib qolganmiz. Katta ehtimol bilan «Real» har doimgidek avval butun dunyo ko‘z o‘ngida turgan iste’dodli futbolchi uchun kurashni g‘alaba bilan yakunlab, ana shundan keyin undan foydalanish yo‘llarini axtarishni boshlaydi. Ammo birinchidan, yarimhimoyaga maksimal futbolchilarni joylashtirib, hujumda Rodrigo-Vinisiusdan foydalanish varianti biroz tavakkalchilik, zero Vinisius aynan Benzemaning aqlli harakatlari, o‘z vaqtida ortga qaytib, unga zonalar ochishi yordamida bu qadar foydali bo‘lgandi. Ikkinchidan, yana rotatsiya varianti sifatida qolish, Tchuameni va ayniqsa, uchinchi yilki, asosiy pozitsiyasiga ega bo‘lmayotgan Kamavinga bilan muammolar paydo qilishi mumkin. Qochib bo‘lmas muammolar paydo qilishi mumkin bo‘lgan Bellinhem transferi uchun buncha ko‘p sarflangani biroz tushunarsizdek.

Kay Havers – ARSENAL. 71 million yevro

Agar 70 million yevrodan ortiq narxga futbolchi sotib olinsa, bu kuchaytirish zarur bo‘lgan aniq pozitsiya uchun tayyor, mos nomzod olib kelinishi kerak. Ya’ni yo jamoa tarkibida ma’lum bir pozitsiyaga uchun yuqori saviyadagi ijrochi zarur bo‘ladi yoki yaxshi o‘ynab turgan biror futbolchi yanada kuchliroq, yuqoriroq darajadagi boshqa nom bilan almashtiriladi. Masalan, Deklan Rays ancha kattaroq summaga kelayotgan bo‘lsa-da, mantiq tushunarli: Rays «Vest Hem»da ikki tayanch yarimhimoyachidan biri sifatida o‘ynab kelgan, uning kelishi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo Parti yoki Jakaning o‘rnini bosadi, hatto o‘sha chiziqni kuchaytiradi. Havers-chi?

Kay Havers qog‘ozda yarimhimoyachi bo‘lsa-da, amalda hujumchilar guruhiga kiradi. Aytish mumkinki, Edegor, Martinelli va Saka almashtirilmaydigan uchlik. Ularni vaqtida Trossar almashtirib turishi mumkin. Haversni agar Arteta jamoasi hujum chizig‘iga joylashtirmoqchi bo‘lsak, ko‘proq Gabriyel Jyezusning o‘rniga tushadi. Albatta, Havers qaysidir jihatlarda braziliyalik hujumchidan ustunlik qiladi, qaysidir nuqtalarda pastroq. Ma’lum shartlarda foydaliroq bo‘lishi ham mumkin. Ammo Havers Jyezusning o‘rnida o‘ynashi faqat ma’lum sharoitlarda emas, doimiy ravishda jamoani kuchaytira oladi, deya olamizmi? Umuman, hujum zonasidagi qaysi pozitsiyani Havers aniq kuchaytirishi mumkin? Javob yo‘q.

Foto: «Arsenal» rasmiy sayti

Ha, Havers yaxshi futbolchi. Ayniqsa, Artetaning tizimli futbolida «Chelsi»dagi so‘nggi yillaridan ko‘ra ancha ochilishi, Angliyadagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazishi mumkin. Ammo bu transfer «Arsenal»ni qay darajada kuchaytiradi, aslida yangi futbolchiga ko‘proq muhtoj bo‘lgan boshqa pozitsiyalar turganda, katta pulni biroz tumanli salohiyat uchun sarflash to‘g‘ri edimi?

Meyson Maunt – MANChESTER YUNAYTED. 65 million yevro

Ha, Maunt kabi futbolchi doim ham bozorda topilavermaydi. Erik ten Hag futbolchini «Vitess»da o‘ynagan paytlaridanoq tanigan, o‘z jamoasida ko‘rishni istagan. Agar yosh, iste’dodli, angliyalik futbolchini u qadar katta bo‘lmagan summaga qo‘lga kiritish imkoni tug‘ilsa, har qanday top-klub harakat qilib ko‘rishi kerak. Ayniqsa, o‘rta chiziqda muammolar bo‘lgan, sifatli ijrochilarga ehtiyoj sezgan «Manchester Yunayted» bo‘lsa...

Uyog‘idan muammolarni ham sanash mumkin. «Yunayted» «to‘qqizlik»ni sotib olishi aniq, bu Hoylund bo‘ladimi, Keynmi, shubhasiz, jamoa oldingi chizig‘ida bir futbolchi qo‘shiladi. Reshford almashtirib bo‘lmas futbolchi – u endi sevimli chap qanotiga o‘tishi mumkin. O‘ng qanotda esa, o‘tgan yili yuz millionga olib kelingan Antoni bor. Katta ehtimol bilan Maunt ko‘proq yarimhimoyadagi uchlikdan biri bo‘lishi lozim. Misol uchun, doim ham formada bo‘lmaydigan Kristian Eriksenning o‘rniga.

Foto: «Manchester Yunayted» rasmiy sayti

Ammo muammo shundaki, Maunt Eriksen kabi Kazemironing tayanch zonadagi sherigi sifatida emas, oldingi chiziqda ko‘proq foydali. Chiziqlar orasida ochilish, kerakli zonalarda erkin paydo bo‘lish Mauntning «Chelsi»da namoyish qilgan eng asosiy iste’dodi. U holda, Bruno Kazemiro yoniga tushishiga to‘g‘ri keladi. Ten Hag o‘tgan mavsum oxirida Brunoni aynan Kazemironing oldida sinab ko‘rdi ham. Gohida Zabitser, gohida Eriksen oldingi chiziqda maydonga tushdi. O‘sha sxemasi bilan murabbiy go‘yoki oldindan Maunt uchun sharoit tayyorlagandek, lekin o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini aynan «o‘nlik» pozitsiyasida o‘tkazadigan Brunoning o‘yiniga bu qanchalik ta’sir qiladi? Mauntning kelishi Brunoning bor imkoniyatidan to‘liq foydalanishga xalaqit berib qo‘ymaydimi?

Albatta, Kazemironi yagona tayanch futbolchisi sifatida qoldirgan holda, Maunt va Bruno ikki «sakkizlik» sifatida birgalikda harakat qilishlari ham mumkin. Ammo Kazemiro «Real»da ham Kroos bilan deyarli bir chiziqda to‘p surgan holda, vazifalarni bo‘lib olgandi. O‘shandan buyon ikki yoshga qarigan va ancha tezkor APLda Kazemironing o‘zi butun tayanch zonasi uchun yetarli bo‘larmikin? Aslida Mauntdan ko‘ra, aynan tayanchda sherik sifatida o‘ynash amaliyoti bo‘lgan Deklan Rays varianti jamoaga ko‘proq zarur bo‘lgandek ko‘rinmoqda.

Maunt «Yunayted»ni kuchaytirishi shubhasiz. Ammo buning uchun Erik ten Hag barcha futbolchilarning ustunliklaridan optimal shaklda foydalanish imkonini beradigan yangi sxema o‘ylab topishi yoki ba’zi futbolchilarning pozitsiyasini o‘zgartirishi lozim bo‘ladi.  

Luis Enrike – «PSJ»

Luis Enrikeni biz ko‘proq Ispaniya terma jamoasi murabbiyi sifatida bilamiz. To‘g‘ri, uning asosiy yutuqlari «Barselona» bilan bo‘lgan, ammo o‘sha mavsumda asosiy sehr Messi – Suares – Neymar uchligida bo‘lganini ham yaxshi eslaymiz. Enrike ortiqcha narsa o‘ylab topishga muhtoj ham emasdi, o‘sha uchlikka suyanishdan yaxshiroq variant ham yo‘q edi. Masalan, «Barselona» haqiqiy top-darajani besh oy – 2015 yilning yanvaridan mayigacha namoyish qilgan. Uchlikning har biri eng yaxshi sport formasida, eng yaxshi ruhiy holatda ekanida «Barselona» Ispaniya chempionliginiyam, Chempionlar Ligasiniyam yutdi. Turli muammolar paydo bo‘lganda, muhimi, doim ishlaydigan tizim ishlab chiqishga kelganda, Enrike oqsadi.

Foto: «PSJ» rasmiy sayti

Shuning uchun Enrikening aynan murabbiy sifatida portretini chizganimizda Ispaniya milliy jamoasidagi ishlari ko‘proq ko‘rinadi. Aynan shu jamoada Enrikening anchayin tizimli murabbiy ekani, o‘z g‘oyalari yo‘lida alohida individual ijrochilarni qurbon qilishga o‘ylanib o‘tirmasligi ko‘zga tashlanadi. Shu jihatdan olsak, «PSJ» Enrikening butunlay aksi.

Agar Mbappening oqibatda Parijni tark etishi, shu tariqa pressingga asoslangan jamoaviy futbol qurishda Enrikening ishi osonlashishi mumkinligini inobatga olgan taqdirimizda ham «PSJ» amalga oshirayotgan transferlar Enrikega mos tushmayotgandek.

Li Kan In va Manuel Ugarte nomlari go‘yoki «PSJ»ning eski glamur transferlardan voz kechib, nihoyat mehnatkash futbolchilarga e’tibor qaratayotganini ko‘rsatsa-da, e’tibor bering, har ikkisi ham asosan to‘p uchun yakkakurashlar, himoyaviy futbolda nom chiqargan – Enrike esa, har bir chiziqda pas madaniyati yuqori bo‘lgan futbolchilar bo‘lishini xohlaydi. O‘z vaqtida Busketsdan voz kechmaslik uchun Rodrini himoya markazida o‘ynatganini eslang. Li Kan In ham, Ugarte ham aynan pas berish, kreativlik borasida yaqqol muammoga ega futbolchilar. Yoki Asensio transferini olaylik. Marko yaxshi futbolchi, ammo Enrikega kerakli salohiyatga egami? Misol uchun, Ispaniya milliy jamoasida Enrike Asensiodan doimiy foydalanmagan, ko‘pincha zaxirada qoldirgan, umuman, Markoning Enrike qo‘l ostidagi statistikasi ham u qadar havas qilgudek emas – 17 o‘yin, 1 gol.

Umuman, «PSJ» qay darajada o‘zgarayotgani va qaysidir jihatdan o‘ziga biroz begona vazifalar uchun Luis Enrike qay darajada mos keladi, kuzatamiz.

Ilkay Gundo‘g‘an – BARSELONA. Erkin agent

Ilkayning «Barselona»ga o‘tishi Serxio Busketsga o‘rinbosar sifatida qaralayotgandi. Ammo klub Oriol Romeu va Martin Subimendi kabi toza tayanch futbolchilariga qiziqayotgani shuni ko‘rsatmoqdaki, Gundo‘g‘anning transferi u qadar rejali emas. Shunchaki, Ilkayning bolalikdagi orzusi «Barselona»da o‘ynash bo‘lgani, futbolchining erkin agent sifatida paydo bo‘lishi klubga boshqa variant qoldirmadi: kim ham Ilkaydan voz kechadi?

Demak, agar «Barselona» aytaylik Subimendini qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, Ilkay katta ehtimol bilan «Manchester Siti»dagi pozitsiyasida, xuddi Frenki de Yong kabi oldinroqda to‘p suradi. Bu uch futbolchidan tashqari, yarimhimoyada qat’iy o‘rniga ega bo‘lgan Pedri bor. O‘sib kelayotgan Gavi bor. Tabiiyki, bu futbolchilarning birortasi zaxira varianti bo‘lishga rozi bo‘lmaydi. Xavining hatto o‘yinchi almashtirishlarda ham bir xillikni yaxshi ko‘rishini inobatga olsak, u baribir yaqqol o‘n bittalik asosiy tarkibni yaratib olishga harakat qiladi. Agar besh futbolchi ham bir tarkibga joylashtiriladigan bo‘lsa va Levandovskining o‘rniga tegmasak, jamoa qanotlari pand yeyishi turgan gap.

Foto: «Barselona» rasmiy sayti

O‘zi shundog‘am, «Barselona»ning chap qanot hujumida muammolar bor. Dembele ham, Rafinya ham asosan o‘ng qanotda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishadi. Ferran Torres katta ehtimol bilan sotilishi, Fati ham qanotda ishonchni oqlay olmayotganini inobatga olsak, aslida jamoaga chap qanot vingeri ham kerak. O‘tgan yili ko‘p o‘yinlarda Gavi ushbu chiziqda sinab ko‘rilgandi, ammo uning ham o‘rni ko‘proq markazda, jarima maydoni yaqinida.

Gundo‘g‘anning aytishicha, Xavi u bilan gaplashganda o‘z rejalari, aynan Ilkay bilan bog‘liq fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Katta ehtimol bilan Gundo‘g‘an – de Yong – Pedri uchligi asosiy tarkibda o‘ynaydi. Ilkayning erkin agent sifatida Barselonaga kelganini inobatga olsak, top transfer, ammo qolgan jihatlarni, boshqa futbolchilar va zonalarni Xavi qanday hal qilishi rostanam juda qiziq bo‘ladi.

Qahramon Aslanov


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Katta klublarning yozdagi tushunarsiz xaridlari haqida
ePN