date
views 648

U17 bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev : “ Hech kimga hisobot berishga majbur emasman”

U17 bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev : “ Hech kimga hisobot berishga majbur emasman”

Kuni kecha O‘zbekiston U17 terma jamoasi mundialdagi o‘z raqiblarini bilib olganidan xabaringiz bor. Ushbu voqea munosabati bilan yoshlar jamoamiz bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev bilan aloqaga chiqdik. Qur’a, JCHga tayyorgarlik va futbolchilarning holati bilan qiziqdik.

Guruhdan ko‘nglingiz to‘ldimi? Biroz kuchlidek ko‘rinmoqda?!

-  Umumiy olganda xa. Bu jahon chempionati. Bu yerda doim dunyoning eng kuchli jamoalari harakat qiladi. Uchinchi savatchadan o‘rin egallaganimizni hisobga olsak, yomon guruh bo‘lgani yo‘q. Kvartetimizda autsayder yo‘q . To‘g‘ri, Ispaniya nomdor bo‘lishi mumkin, ammo qolgan 3 ta jamoa bir xil darajada. Allaqachon raqiblarni o‘rganishni boshladik. Kuchsiz guruhni o‘zi bo‘lmaydi. Bu yoshdagi futbolning eng yuqori cho‘qqisi. Asosiysi, biz bunga tayyormiz.

Shogirdlaringizning guruhdagi raqiblarga reaksiyasi qanday bo‘ldi?

-  Yigitlarni munosabati juda qiziq. Argentinani kutgan edi hamma. Janubiy Amerikaga safar qilganimizda, ular bilan to‘qnash kelganmiz. Birinchi o‘yinda yirik hisobda yengilgan bo‘lsak, keyingi o‘yinda yaxshi o‘ynab 2:1 natijasida mag‘lub bo‘lgan edik. Negadir, shogirdlarim Argentina bilan bir guruhda bo‘lishni istagan edi. Yigitlarimni kayfiyati a’lo darajada. Nasib qilsa, mundialda eng yaxshi o‘yinlarimizni namoyish etamiz.

Bundan 20 yil oldin Ispaniya va Mali terma jamoalari bilan to‘qnash kelishgan edi…

-  Bu tasodif xolos. Qaytanga, biz uchun motivatsiya. Natijalarni yaxshi qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Jamoa oldiga qanday maqsad qo‘yilgan? Guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilganmi?

-  Ochig‘i, jamoaga, futbolchilarimga va shtabga hech kim men singari jamoamizga ishonmasa kerak. Futbolchilarim o‘ziga ishongandan ko‘ra ko‘proq ishonaman. Biz juda ko‘p narsaga qodirmiz. Asosiysi, halollik va birdamlik bo‘lsa, istalgan jamoa bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsata olamiz. Hozir, katta yo‘l oldidamiz. Hayotimizni o‘zgartiradigan mundialda O‘zbekiston futbolida tarix yozmoqchimiz. Hali, rahbariyat bilan gaplashganimiz yo‘q, ammo ular bizdan doim yuqori o‘rinlarni maqsad qilib qo‘yadi. Hozir, futbolimizda o‘sish bor. Xalq bizdan yaxshi natija kutishga haqli. Biz bunga, o‘rganib boryapmiz.

Yakuniy tarkib e’lon qilinishidan avval, sizga iltimos qiladiganlar ko‘payib ketmadimi?

-  Hali buni e’lon qilishga vaqt bor. Oldimizda, o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari mavjud. Tarkibga chaqirilmagan futbolchilar yoki viloyat assotsiatsiyasi tomonidan savollar tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Menga buni sababini so‘raganlar ko‘p bo‘lganini tan olaman. Hech kimga, hisobot berishga majbur emasman. Shunga qaramay, biror bir futbolchini so‘nggi tarkibdan tushib qolishining sababini so‘ragan barchaga o‘z fikrim va xulosalarimni yetkazdim.

Muhim musobaqa oldidan yig‘inlarda qanday aspektlarda ish olib boriladi?

-  Reja bo‘yicha noyabr oyining birinchi 15 kunligida futbolchilarning jismoniy holatiga e’tibor qaratamiz. Oktyabr oyining ikkinchi 15 kunligida ko‘proq taktik tomondan tayyorgarlik boshlanadi. Turkiyada, jahon darajasidagi raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlar o‘tkazishni reja qilganmiz. Chuqurroq aytsak, himoya chizig‘iga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Bu himoyaviy futbol o‘ynaymiz degani emas. Shunchaki, mundialda har qanday vaziyatga tayyor turish.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » U17 bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev : “ Hech kimga hisobot berishga majbur emasman”