O‘zbek futbolchilar gol urgan uchrashuvlarda yutqazmagan “Ordabasi” tarixda ilk bor chempion bo‘ldi
Qozog‘iston remer-ligasi yakunlanishiga bir tur qolganida Chimkentning “Ordabasi” jamoasi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlar yil boshidan aynan mana shu jamoaga muxlislik qildi. Chunki chimkentliklar safida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ikki nomzod – Bobur Abduxoliqov va Shahboz Umarov to‘p tepmoqda.
“Ordabasi”ning chempionligini ta’minlagan uchrashuvda chimkentliklar o‘z maydonida “Shaxtyor” futbolchilarini 3:1 hisobida engdi va gollardan birini Shahboz Umarov kiritdi.
Ta’kidlash joizki, “Ordabasi” 74 yillik tarixida davomida hali mamlakat chempionligiga erishmagan edi. Bungacha chimkentliklar 2011 va 2022 yillarda Qozog‘iston kubogi, 2012 yili mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritgan. 2022 yilgi kubok g‘alabasida Shahboz Umarov ham ishtirok etgan edi.
Xo‘sh, o‘zbek futbolchilari “Ordabasi”ning tarixiy g‘alabasiga qanday hissa qo‘shdi?
Shahboz Umarov Chimkent jamoasi safida 2022 yilning yozidan beri o‘ynamoqda. O‘shanda “Ordabasi” Belarus chempionatida BATE futbolchisi hisoblangan Shahboz bosh murabbiy bilan kelisha olmay, o‘yin amaliyotisiz qolib ketganida uni ijaraga olgandi. Yarim mavsumdan keyin qozoq klubi legionerimizni to‘liq transfer qildi.
Joriy mavsumda Shahboz Umarov Premer-ligasida 22 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol va bitta golli uzatma yozdirib qo‘ydi. Qizig‘i shundaki, legionerimiz gol urgan uchrashuvlarda chimkentliklar umuman ochko yo‘qotmagan va “Ordabasi” bu bahslarda “Shaxtyor”ni 4:1 va 3:1, “Jetisu”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.
Bundan tashqari, Umarov Qozog‘iston kubogida oltita uchrashuvda raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, jamoasining finalga yo‘llanma olishiga katta hissa qo‘shgan.
Bobur Abduxoliqov o‘tgan yili Belarus chempionatining eng yaxshi futbolchisi, eng samarali o‘yinchisi va to‘purarlar poygasi g‘olibi bo‘lganidan keyin ko‘pchilik hujumchi Evropaning kuchli ligalaridan biriga ketishini kutgandi. Har holda Boburga etarlicha takliflar bo‘lgandi.
Mohir to‘purar kutilmaganda “Ordabasi” variantini tanladi. Bu bejiz emas ekan. Bobur “Ordabasi”ning har bir uchrashuvida maydonga tushgan yagona futbolchi hisoblanadi. Bu o‘yinlarda leionerimiz ettita gol va to‘rtta assist muallifi bo‘ldi.
Bobur to‘p kiritgan bahslarda ham chimkentliklar ochko yo‘qotmagan, aksincha, uning ayrim gollari g‘alabani ta’minlagan. Abduxoliqov chempionat davomida “Kaspiy”, “Jetisu”, “Tobol”, “Kaysar”, “Atirau”, “Okjetpes”, “Maktaaral” darvozalarini ishg‘ol qildi. Debyut mavsumida Premer-ligadagi 13 ta raqibdan ettitasining darvozasiga yo‘l topishni yaxshi ko‘rsatkich sifatida qayd etish mumkin.
Abduxoliqov Qozog‘iston kubogi doirasida ham bitta to‘p kiritgan.
Ko‘rinib turibdiki, o‘z faoliyati davomida ilk marotaba mamlakat chempioni bo‘lgan Umarov ham, Abduxoliqov ham “Ordabasi”ning muvaffaqiyatiga sezilarli darajada katta hissa qo‘sha oldi.
Bu bilan sovrinlar yakunlangani yo‘q. Endi yangi chempion Qozog‘iston kubogi finalida ishtirok etish kerak. Chimkentliklar 4 noyabr kuni “Tobol” bilan bo‘ladigan hal qiluvchi bahsda mavsumdagi ikkinchi sovriniga ega chiqishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring