Jamoliddin Rahmatullayev: "Shogirdlarim Jahon chempionatini boshlarini tik tutgan holda tark etishdi"
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev Jahon chempionatidagi ishtirok, Fransiya bilan o‘yin va boshqa jarayonlar haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumot uchun, Jamoliddin Rahmatullayev Angliya bilan o‘yinda maydondan chetlatilgani uchun so‘nggi uchrashuvni tribunada kuzatishga majbur bo‘ldi. Murabbiy mazkur vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.
"Jahonning kuchli 8 terma jamoasi qatoridan joy olganimiz umumiy ma’noda yaxshi, lekin bundan ham yaxshiroq natija ko‘rsatishimiz mumkin edi. Buni barcha murabbiylar his qilib turdi. Bu keyingi musobaqalarimiz uchun yaxshigina poydevor vazifasini o‘tab beradi.
Jahon chempionatigacha katta yo‘lni bosib o‘tdik. O‘FA barcha sharoitlarni yaratib berdi. Mali bilan o‘yindan so‘ng yigitlar bilan ruhan ish olib bordik. Gaplashib oldik. Kanada bilan o‘yin burilish nuqtasi bo‘la oldi. O‘yindan o‘yinga kuchayib bordik.
Fransiya bilan o‘yinni maydon tashqarisidan kuzatishni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Juda qiyin. Jamoangiz eng muhim pallada-yu, siz muxlislar qatoridasiz. Hissiyotlarga berilib ketib xato qildim. Hissiyotlarni boshqara olmaslik shunday joyda pand berishini ko‘rdik.
O‘ylaymanki, yigitlar Jahon chempionatidagi natija bilan to‘xtab qolishmaydi va oldinga intilishda davom etishadi. Shogirdlarim turnirni boshlarini tik tutgan holda tark etishdi. Bu hali boshlanishi", - deydi Jamoliddin Rahmatullayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring