
Braziliya terma jamoasi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Titeni o‘z lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga yangi mutaxassis izlashni boshladi. Shu bilan birga, rahbariyat Karlo Anchelotti bilan kelishib qo‘yganini va terma jamoani vaqtinchalik Fernando Dinis boshqarib turishini ma’lum qildi.
Ularning rejasiga ko‘ra, italiyalik murabbiy Braziliyani "Kopa-2024" turniri boshlanishi arafasida qabul qilib olishi kerak edi. Ammo ayni paytga kelib barchasi o‘zgarib ketdi. Karlo "Real" bilan 2026 yilgacha yangi shartnoma imzolab, Madridda qoladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nega "qaymoqranglilar" mavsum o‘rtasiga kelibgina Anchelotti bilan bitimni yangilashni o‘ylab qoldi, o‘zi rostdan ham braziliyaliklar bilan kelishuvga erishilganmidi, "Real"ning keyingi rejalari qanday?

"Real" yozda Karloning o‘rniga yangi murabbiy izladi va variantlar orasida Raul, Xabi Alonso kabi klub afsonalari ham bor edi. Rahbariyat esa shoshilmadi, balki Karloni hurmat qilgan holda uni amaldagi shartnomasi 2024 yilning yoziga qadar qolishi, agarda mavsum boshida yaxshi ishlasa, yangi bitim taklif qilishni rejalashtirgan. "Qaymqoqranglilar" esa ayni paytda La Ligada 1-o‘rinda turibdi. "Jirona" bilan kurashayotgan va "Barsa", "Atletiko"lardan ancha oldinlab ketgan jamoa Chempionlar ligasida 6 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Kamiga tarkibda sezilarli yo‘qotishlar bor:
Arda Gyuler hali debyut o‘yinida maydonga tushishga ulgurmadi, Vinisius va Kamavinga 12 noyabr, Tchuameni esa 28 oktyabrdan beri jamoaga yordam bera olmayapti. Militao va Kurtualarni aytmasa ham bo‘laveradi. Orada ijaraga olib kelingan Kepa ham safdan chiqdi. Ammo bu "Qirollik klubi"ga hech qanday to‘siq bo‘la olmadi. Karlo esa nolimay, ishlashda davom etdi va Dias, Pas, Lunin kabi futbolchilarga imkoniyatlar berdi. Aynan mana shu omil ham rahbariyatga ma’qul tushib, uni nafaqat shartnoma muddatini uzaytirdi, balki ishdan bo‘shatilgan taqdirda ham klubda boshqa lavozimda ishlash imkoniyatini berdi.

Endilikda Karlo iste’foga chiqsa ham, Madridda qolishi mumkin. Bunday holat so‘nggi bor Santyago Solari bilan bo‘lgan. U murabbiylikdan bo‘shatilgach, rahbariyat boshqa ish taklif qilgan, lekin argentinalik ko‘nmagandi. Oradan yillar o‘tib, Solari "Real"ning yangi sport direktoriga aylanish arafasida.
Barchani qiziqtirayotgan yana bir savol: Anchelotti rostan ham Braziliyani boshqarishga rozi bo‘lganmi? "Relevo" nashri xabar berishicha, bunday holat bo‘lmagan. Murabbiyning "pentakampeonlar" bilan kelishuvga erishgani borasida mish-mishlar chiqqanidan so‘ng "Real" Karlo bilan bog‘lanib, vaziyatni bilmoqchi bo‘lganida italiyalik mutaxassis bu to‘g‘ri emasligini, hali hech narsa aniqmasligini aytgan. Shundan keyingina rahbariyat yangi mavsumni u bilan boshlashga qaror qilgan. Yangi shartnomani tezroq imzolanishining yana bir sababi, endi murabbiy boshqa ishlar bilan chalg‘ishini va tez orada yana internetni egallashi mumkin bo‘lgan Braziliya haqidagi mish-mishlarni oldini olishdir.

Endi Anchelotti "Real"dagi keyingi harakatlar haqida o‘ylashi kerak. Hozir tarkibda jarohat olmagan ikkita markaziy himoyachi qolgan. "Malorka" bilan bo‘ladigan o‘yinda Nacho jamoaga qizil kartochkasi sabab yordam bera olmaydi. Militao bahorda, Alaba bo‘lsa yozda safga qaytadi. Oldinda esa katta uchrashuvlar kutib turibdi. Shunday ekan, bu muammoni yechish uchun bosh qotirishi vaqti keldi. Shuningdek Mbappe mavzusiga ham nuqta qo‘yadigan payt ham keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar