23:30 / 25.10.2024
24

Flik Mbappe va Vinisiusni to‘xtatish uchun reja borligini, Anchelotti esa ertangi bahsdagi favoritni aytdi

Flik Mbappe va Vinisiusni to‘xtatish uchun reja borligini, Anchelotti esa ertangi bahsdagi favoritni aytdi
"Barselona" va "Real Madrid" bosh murabbiylari Xans-Diter Flik va Karlo Anchelotti La Liganing 11-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan o‘zaro bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Murabbiylar o‘z nutqida ertangi o‘yin, jamoalarining imkoniyatlari haqida gapirdi.

Dastlab Xans-Diter Flikning fikrlariga to‘xtalib o‘tamiz.

- Men "El Klasiko"da birinchi marotaba murabbiylik qilishim haqida ko‘p o‘ylayotganim yo‘q. Vazifam futbolchilarni tayyorlash. Jamoada motivatsiya bor, menda ham. Ertangi bahs juda ajoyib bo‘lishiga ishonaman.

Mbappe va Vinisiusni to‘xtatish borasida bizda rejalar bor. Men o‘z jamoamga ishonaman. Balki biz gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin "Bavariya"ga qarshi biroz orqaga chekingandirmiz. Biroq, bundan so‘ng o‘zimizni o‘nglab oldik va bu o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni ko‘rsatadi.

"Real" bahs oldidan bir kun ko‘proq dam oldi. Bunga qanday fikrdasiz?

- Biz buni o‘zgartira olmaymiz. "Real Madrid" seshanba kuni o‘ynadi, biz esa chorshanba kuni. Shunday ekan, ikki kunlik dam olishga majburmiz. Bo‘lajak o‘yinlarda ham shunday bo‘lishi kutilmoqda.

Raqibdan to‘pni tortib olishga harakat qilish uchun biz yuqori himoyaga tayanamiz. Shuning uchun o‘yinchilar orasidagi masofa yaqin bo‘lishi kerak. Biz buni "Bavariya"ga qarshi o‘yinda yaxshi uddaladik. Ayniqsa ikkinchi bo‘limda va gol urganimizdan keyin tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keldi. Men o‘z jamoamga ishonaman. Bizda yuqori sifat bor va biz buni doimo ko‘rsatishni xohlaymiz.

Fermin asosiy tarkibdan joy oladimi?

- Men hali qaror qabul qilganim yo‘q. Fermin "Bavariya"ga qarshi o‘yinda gollarga hissa qo‘shdi va yaxshi pressing qildi. Jarohatdan qaytgach, u ajoyib tarzda boshlab oldi.

Kubarsining harakatlarini ko‘rish ajoyib. Biroq, mashg‘ulotlar orqali buni davom ettirish unga bog‘liq. U to‘g‘ri yo‘lda, biz qolgan o‘yinchilar bilan uning darajasini oshirishga harakat qilyapmiz.

"Real Madrid"ning "El Klasiko"ga tayinlangan hakamga qarshi bo‘lgani haqida: - Hakamlarning ishi qiyin. Mening vazifam futbolchilarni tayyorlash. Men Ispaniyada hakamlari bilan yaxshi munosabatdaman va menda hech qanday muammo yo‘q. Biz hakamlarga emas, o‘zimizga e’tibor qaratishimiz kerak.

Yamal ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. U "Bavariya"ga qarshi o‘yinda yuqori darajada o‘ynadi va Alfonso Devisni hayratda qoldirdi. U bo‘shliqlardan juda yaxshi foydalanadi. Lamin to‘p bilan o‘ynay oladigan ajoyib o‘yinchi. Myunxenleklar ham uni maqtashdi.

Men olgan maqtovdan xursandman. Bu maqtov yaxshi natijalar tufaylidir. Muhimi, biz o‘z vazifamiz, jamoamizga e’tibor qaratamiz va uning saviyasini oshiramiz. Maqsadimiz ertaga g‘alaba qozonish.

"El Klasiko"da o‘ynash - bu orzu. "Barselona" va "Real" o‘rtasidagi bahs - bu har qanday futbolchi ishtirok etishni orzu qiladigan haqiqiy to‘qnashuv, - deya o‘z fikrlarini bildirdi "Blaugrana" jamoasi bosh murabbiyi.

"Real Madrid" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ham o‘yin oldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Jamoa yaxshi holatda. Klasiko har doimgidek qiyin va shiddatli o‘tishi aniq. Bu futbol kechasi va biz muxlislarimiz oldida yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqchimiz.

"Barselona"ning o‘yin uslubi juda aniq va yaxshi natija bermoqda. Ular kuchli tarkibga ega jamoa va biz imkon qadar yaxshi o‘ynashga tayyorlanishimiz kerak.

Biz to‘p bilan ham, to‘psiz ham yaxshi harakat qila olishimiz uchun o‘yinga tayyorlanyapmiz. Ushbu o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun maksimal o‘yin ko‘rsatishimiz kerak va biz buni amalga oshirishga harakat qilamiz.

Klasiko yoki derbida favoritni tanlash har doim qiyin. Favorit kimligini bilmayman. Bu o‘yin qanday davom etishiga bog‘liq. Siz birini tanlashingiz mumkin, ammo bunday o‘yinlarda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu, albatta, bosimni qanchalik yaxshi boshqara olishimizga va o‘yindagi daqiqalarga bog‘liq. Biz vaqtni boshqarishimiz kerak va bu bizning muvaffaqiyatimizning muhim qismi bo‘ladi.

Bunday turdagi o‘yinlarda ko‘p gapirish shart emas. Biz aniq, oddiy strategiyaga ega bo‘lishimiz kerak.

Hozir rejalarni oshkor qilmoqchi emasman. Ertaga nima bo‘lishini ko‘rishimiz kerak, keyin men buni to‘g‘ri qildimmi yoki yo‘qligini aytasiz.

Bellingem yaxshi muvaffaqiyatga erishmoqda. Unda to‘piq va yelka bilan bog‘liq muammolar bor edi. Biroq, hozir uning ahvoli juda yaxshi. U o‘z mehnati bilan katta hissa qo‘shmoqda. Bu jamoa uchun qanchalik muhimligini biladi. O‘tgan yili uning gol urishi juda muhim edi, chunki biz Benzema kabi asosiy hujumchini yo‘qotgan edik. Uning o‘rniga Bellingem, Braim va Xoselu tomonidan gollar kiritildi. Bu yil bizda boshqacha. Sababi bizga 30, 35 yoki 40 gol ura oladigan hujumchi keldi. Agar u gol ursa, ajoyib, lekin bizga undan kerak bo‘lgan narsa uning har tomonlama ijobiy ishlashidir.

Biz xursandmiz, chunki Mbappe allaqachon gol urmoqda. U jamoa uchun muhim. Dortmundliklar darvozasiga gol ura olmaganiga qaramay, dastlabki ikki golda ishtirok etdi. Mbappe asta-sekin o‘zining eng yaxshi holatiga qaytadi. Hech kim shoshilmayapti va biz uning hissasidan mamnunmiz. U, albatta, yaxshilanishi kerak bo‘lgan sifatga ega.

U tajribaga ega va "Barselona" bilan bir necha bor to‘qnash kelgan. U nima qilish kerakligini biladi. Ba’zan u ko‘proq ta’sir o‘tkazadi, boshqalari kamroq. Lekin bilaman, u ertaga jamoaga katta hissa qo‘shadi.

Yamal o‘z faoliyatini ajoyib tarzda boshladi. Menga uning o‘ynash usuli va munosabati yoqadi. U xavfli o‘yinchi, biroq, biz bunga ko‘p e’tibor qaratmaymiz. Biz ularni hurmat qilamiz, chunki ular juda yaxshi o‘ynashmoqda va buni hamma ko‘rib turibdi. Jamoa mavsumni juda kuchli boshlashdi.

Men Xavi bilan taqqoslamoqchi emasman. Menimcha, u o‘z g‘oyalari bilan o‘ziga xos tarzda ajoyib ish qildi. Xavi shogirdlariga qarshi bir necha bor mag‘lub bo‘ldik. "Barselona" hozir boshqacha va biz ularni xuddi Xavi boshqargan paytdagidek hurmat qilamiz, - dedi "Los-Blankos" murabbiyi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Flik Mbappe va Vinisiusni to‘xtatish uchun reja borligini, Anchelotti esa ertangi bahsdagi favoritni aytdi