23:44 / 13.10.2016
5 561

Mourino sabab zaxira futbolchisiga aylangan yulduzlar

Mourino sabab zaxira futbolchisiga aylangan yulduzlar

Joze Mourino murabbiylar faoliyati davomida “Portu”, “Chelsi”, “Inter”, “Real” klublarida ishlagan. Hozirda portugaliyalik mutaxassis “Manchester Yunayted”da faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha falsafasi bor. Shundan kelib chiqib, futbolchilar tanlaydi, taktikalar tuziladi. Quyida e’tiboringizga Joze Mourino sabab zahiraga o‘tirib qolgan va jamoada o‘z o‘rinin yo‘qotib qo‘ygan yulduzlar xususida so‘z yuritamiz.

Andrey Shevchenko
Ishlagan joyi: “Chelsi”
Ukrainalik hujumchi “Chelsi”ga o‘tishiga qadar “Milan”da ajoyib damlarini o‘tkazgan edi. O‘sha vaqtlari Shevchenko dunyoning eng kuchli hujumchisi hisoblanardi. Andrey “Chelsi”ga juda katta pullar evaziga kelib qo‘shilgan edi. Ming afsuski, Shevchenkoning transferi “Chelsi” tarixidagi eng omadsiz bo‘ldi. Joze esa Andreyni kam maydonga tushirgan. Natijada, u ingliz futboliga moslashib ketishga qiynaldi, jarohatlar iskanjasida qolib ketdi. Buning oqibatida esa Andrey Shevchenko “Milan”ga qayta ijaraga beriladi. U erdagi ishlari ham yurishmasdan, Kievning “Dinamo” jamoasiga o‘tishga majbur bo‘ladi. Shunday qilib, Sheva faoliyatini yomon taassurotlar bilan tugatgan edi.
Mourino Shevcheko haqida: “Milan”da u shahzodalar singari yashagan edi. ‘Chelsi’da esa falsafa boshqacha bo‘lgan. Hech qanday qirollik oilasi bizda bo‘lmagan. Hamma bir xil ishlashi va maydonga chiqish uchun munosib ekanini isbotlashi talab qilingan. Nazarimda, Shevchenko o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan”.

Kaka
Ishlagan joyi: “Real”
Madridning “Real” jamoasida ish boshlagan Mourino darhol tartib-intizomni va o‘zining qarashlarini sindira boshladi. Bu yo‘nalda esa Kaka hammadan ko‘proq jabr ko‘rdi. “Milan”dan katta umidlar bilan sotib olingan braziliyalik yarim himoyachi Joze bilan chiqisha olmadi. Mourino Kakani qanchalik iqtidori bo‘lishiga qaramay, zahirada saqlashni xohladi. Futbolchining joyini esa Mesut O‘zil egalladi. O‘zil hali tajribasini ko‘p bo‘lmasa-da, Mourinoning ishonchiga kirgan edi. Shu boisdan Kaka ham bu murabbiyning qurbonlaridan biri bo‘lgan.
Mourino Kaka haqida: “Agar Kaka “Real”da qolsa — ajoyib. Mabodo “Milan”ga ketsa — bu ham ajoyibdir.

Kevin de Byuyne
Ishlagan joyi: “Chelsi”
Belgiyalik yarim himoyachi “Chelsi”ni Xuan Mata bilan birgalikda tark etgan edi. To‘g‘ri, o‘sha pallada De Bryuyne Kaka yoki Shevchenko saviyasidagi futbolchi bo‘lmagan. Shunga qaramay, unda asosiy tarkibda maydonga chiqish istagi yuqori bo‘ldi. “Verder”ga ijaraga berilganidan so‘ng, Kevin nemis jamosida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi. Bu orqali Mourinoning nazariga tushishni istagandi. Lekin Joze bunga umuman e’tibor qaratishni istamadi. Bugungi kunga kelib esa belgiyalik futbolchi yulduz darajasiga chiqdi hamda “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida maydonga tushib kelmoqda.
Mourino De Bryuyne haqida: “De Bryuyneni nima uchun “Chelsi”dan ketganini o‘zidan so‘raganingiz yaxshiroq. U o‘ziga nisbatan kuchli bo‘lgan futbolchilar bilan raqobatlashishni yoqtirmaydi”.

Petr Chex
Ishlagan joyi: “Chelsi”
Mourino “Chelsi”da birinchi bor ishlaganida Chexni asosiy darvozabon darajasiga olib chiqdi. Bundan 10 yil avval APL chempionlikini qo‘lga kiritishgan edi. Ikkinchi bor, “Chelsi”ga qaytganidan keyin, Chex bilan xayrlashishga qaror qildi. Dastlab uni zahiraga mixladi. Yosh Tibo Kurtuaga ishonch bildirishi oqibatida, Chex “aristokratlar”da o‘z joyini yo‘qotdi. Hattoki, kubok uchrashuvlarida ham Petrga dyarli imkoniyat bermadi. Yoshi o‘tib borayotgan darvozabon ketishdan boshqa chorasi qolmagandi. Natijada Chex “Arsenal”ga o‘tishga qaror qildi.
Mourino Chex haqida: “Men Chexga tushuntirishni istamaganman. Chunki bu boshqalarga yoqmasligi mumkin. Qarorni murabbiy chiqaradi, qolganlar unga bo‘ysunishi lozim. Men shu qoidaga amal qilganman. Buni futbolchilarga ham aytib o‘tganman. Chex borasida ortiqcha fikr bildirmayman”.

Bastian Shvaynshtayger
Ishlagan joyi: “Manchester Yunayted”
Germaniyalik Shvaynshtayger Mourino bosh murabbiy sifatida kelganidan keyin, zahiraga o‘tirdi. Hattoki, Joze uni jamoadan ketishiga ham qarshi emasligini ma’lum qilgan edi. Lekin Bastian qishgacha “mankunianliklar” safida qolishni afzal bildi. Yomon jihati shuki, Mourino futbolchini Evropa Ligasiga berilgan qaydnomaga ham kiritgani yo‘q. Qolaversa, chempionatning ortda qolgan o‘yinlarida nemis futbolchisini maydonga tushirgani yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramay, Bastian jamoada baxtli ekanligini va asosiy tarkibga kirish uchun mashg‘ulotlarda mehnat qilishini ta’kidlashdan charchamayapti.
Mourino Shvaynshtayger haqida: “Bastian – yaxshi futbolchi. Jamoaga foyda keltirishi mumkin. Lekin uning yoshida asosiy tarkibga kirish oson bo‘lmasligi ham tabiiy. U jamoadan ketishni lozim topsa, yo‘lini qaytarmayman. Bizda qolishni ma’qul ko‘rsa, bundan xursand bo‘laman”.

Romelu Lukaku
Ishlagan joyi: “Chelsi”
Joze “Chelsi” boshqargan vaqtida Lukaku juda yosh hujumchi bo‘lgan. Shu boisdan uni maydonga tushirmagan. Lekin portugaliyalik mutaxassis Romeluni butunlay berib yuborishni istagan. Ijaraga berishni, keyinchalik sport formaga kirib olganidan so‘ng “Chelsi”ga foydasi tegishi borasida boshqotirmagan. “Everton”dan qo‘nim topgan hujumchi kuchli goleador darajasiga ko‘tarila oldi. Endilikda “Chelsi”ni uni qaytarish yo‘llarini izlamoqda. Hozirda uning transfer bahosi 70 million evroni tashkil qilmoqda.
Mourino Lukaku haqida: “Men yoshlarga ishonch bildirib, tavakkal qila olmasdim. Bu Lukakuga ham tegishli edi. Yaxshi darajaga chiqishi uchun uni butunlay sotib yuborish talab qilingan”.

Iker Kasilyas
Ishlagan joyi: “Real”
Mourino “Real”da faoliyati davomida qator futbolchilar bilan munosabatlari borasida muammolar yuzaga kela boshladi. Kaka, Guti va uning ortidan Iker Kasilyas bilan ham. “Real”ning afsonaviy darvozaboni bo‘lib kelgan Iker doimiy ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelgan. Lekin, Mourino va Kasilyas bilan o‘rtasidagi qandaydir kelishmovchilik yuzaga keldi shekilli, uni zahiraga o‘tkazib qo‘ydi. 2012 yilning 22 noyabr kuni Kasilyas hamkasbi Antonio Adanga o‘z joyini bo‘shatib berdi. Keyinchalik Diego Lopes asosiy planga chiqdi. Natijada, Kasilyas zahirada qolib ketdi. Eng yomoni shundaki, Iker Kasilyas “Real” klubidagi 25 yillik faoliyatidan so‘ng jamoani ko‘z yoshlari bilan tark etdi.
Mourino Kasilyas haqida: “O‘rtamizda muammo bo‘lmagan. Har kim o‘z ishini qilmoqda va Iker uni yaxshi uddalayapti. Endi Kasilyas uning kolleksiyasida bo‘lmagan sovrinni — Evropa Ligasi g‘olibligi uchun beriladigan kubokni yutish imkoniga ega bo‘ladi”.

Xuan Mata
Ishlagan joyi: “Chelsi”
Ispaniyalik futbolchi 2012/13 yilgi mavsumda “Chelsi” safida yorqin mavsum o‘tkazgandi. Biroq Joze Mourino Londonga qaytganidan so‘ng Xuan Mata zaxira o‘yinchisiga aylanib qolganini sezdi. Portugaliyalik mutaxassis ochiqchasiga Mataga ishonmasligini ma’lum qildi. Murabbiy va futbolchi o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Oqibatda, Mata “Manchester Yunayted”ga ketishni lozim topdi. Bunga Mourino qarshilik qilmadi. Taqdir taqozosi bilan Joze “qizil iblislar”da ish boshlaganidan so‘ng ispaniyalik futbolchi jamoani tark etmoqchi bo‘lgandi. Lekin Mourino buni istamadi.
Mourino Mata haqida: “Mata” mening qarashlarimga to‘g‘ri kelmadi. Shu boisdan uni zahirada qoldirishga qaror qilgandim. Lekin u mening qarorlarimni to‘g‘ri qabul qilmadi”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino sabab zaxira futbolchisiga aylangan yulduzlar