Tez orada Abduqodir Husanovning yangi jamoasi nomini bilib olishimiz mumkin. Chunki qishki transferlar oynasi atigi bir oy davom etadi, xolos.
“Lans” oʻz oʻyinchisiga da'vogarlar koʻpligidan foydalanib, savdoning ajoyib strategiyasini tanladi va qaysi klub koʻp pul toʻlasa, Husanovni oʻsha jamoaga joʻnatishi kutilmoqda. Klub bosh direktori Per Dreossi oʻzbek legioneri qishki transferlar oynasi davomida klubdan ketishini ma'lum qilgani ham lansliklarning maqsadi gʻaznaga pul tushirish ekanidan dalolat beradi.
“Lans” tarixida hali birorta futbolchi qisqa muddatda oʻz salohiyatini bu qadar yorqin namoyon etib, da'vogarlarning turnaqator navbatlariga sababchi boʻlmagan. Ayniqsa, hammaning diqqat markazida turgan Abduqodir Husanovning atigi 100 ming yevroga transfer qilinganini inobatga olsak, har qanday savdo frantsiyaliklarga katta daromad keltiradi.
Nufuzli manbalardan biri – footmercato.net portalining yozishicha, “Lans” ham oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritganida oradan bir yarim yil oʻtib, bu oʻyinchining Evropaning yigirmaga yaqin klublari oʻrtasida talash boʻlishini kutmagan. Shunchaki, Abduqodirni Kevin Dansoga oʻrinbosar sifatida koʻrishgan va 2027 yilning yarmigacha oʻynatib, vaziyatga qarab, boshqa jamoalarga pullash rejasi boʻyicha ish koʻrilgan.
Manbaga koʻra, ayni paytda Husanov transferi bilan mashhur agent Jorje Mendesh shugʻullanyapti. “Lans” bosh direktori Per Dreossi va sport direktori Diyego Lopes Jorje Mendeshni oʻzbek futbolchi transferini uyushtirish uchun maxsus yollagan.
Portugaliyalik mutaxassis bir necha klublar, xususan, PSJ, “Manchester Siti” va “Real” kabi Fransiya, Angliya, Ispaniyaning amaldagi chempionlari bilan transfer borasida dastlabki muzokaralarni oʻtkazib boʻldi. Navbatda yana bir qancha da'vogarlar bor.
- Abduqodir Husanov oʻz mahorati va salohiyati bilan hammaning e'tiborini qozondi. Yosh boʻlishiga qaramay, Fransiya futbolida namoyish etayotgan ustun jihatlari, boshqa klublar nazari va e'tiboridan chetda qolayotgani yoʻq. Oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritishni maqsad qilgan klublar soni tezlik bilan oshib bormoqda.
Fransiya transfer bozori bugun Abduqodir Husanov atrofida aylanmoqda. 20 yoshli oʻzbek himoyachisi ajoyib jismoniy koʻrsatkichlar va texnik sifatlarga ega futbolchi hisoblanadi. Uning 2023 yilning yozida “Lans” safiga qoʻshilganidan beri progressiv tarzda rivojlanib borayotgan oʻyini “Manchester Siti” va “Real” kabi grandlarni ham oʻziga qaratdi, - deb yozmoqda footmercato.net portali eksperti Ivan Vargas.
Husanov uchun kurashayotgan klublar orasida eng mashhurlari “Manchester Siti” va “Real” ekaniga hech qanday shubha yoʻq. Har ikki klub tarkibdagi vaziyat va muammolardan kelib chiqib, jamoada uzoq muddat oʻynashi mumkin boʻlgan markaziy himoyachi xizmatiga katta ehtiyoj sezmoqda.
Abduqodir – Liga 1ning eng zoʻr markaziy himoyachilaridan. Grand klublar, xususan “Manchester Siti” va “Real” uchun ham bu muammoli pozitsiya.
Xosep Gvardiola jarohat tufayli Jon Stounz va Ruben Diash kabi markaziy himoyachilaridan foydalana olmayapti. Natan Ake va Manuel Akandji har doim ham ishonchli oqlay olmaydi. Pep suyanib kelayotgan yagona sogʻlom markaziy himoyachi Yoshko Gvardiol.
“Shaharliklar” noyabr oyidan beri 26 ta gol oʻtkazib yubordi. “Top-5” ligalarida faqat “Xaydenxaym” manchesterliklardan koʻp gol oʻtkazgan xolos. Ekspertlar “Manchester Siti”ning yaqinda yuz tutgan muvaffaqiyatsizliklarining sabablaridan biri markaziy himoyadagi muammolar ekanini ta'kidlamoqda.
“Real”da Eder Militaoning navbatdagi ogʻir jarohatidan keyin yangi, yosh va baquvvat markaziy himoyachiga ehtiyoj tugʻildi. Bu pozitsiyani yopishga harakat qilgan Orele Tchuameni ham, Raul Asensio ham bu ishni uddalay olmadi. Tez orada David Alaba himoya markazidan joy oladi. Biroq uning ham yoshi oʻtib qolmoqda va bir yildan ortiq vaqt mobaynida toʻp tepmagan oʻyinchining kelajagi ham katta soʻroq ostida turibdi. Karlo Anchelotti yana bir markaziy himoyachi Xesus Valexoga chiqish eshiklarini koʻrsatib qoʻygan.
Madridliklar “Tottenxem”dan Mikki van de Ven, “Leyptsig”dan Kastello Lukebani ham kuzatmoqda. Biroq bu oʻyinchilar transferi kamida 60 million yevroni talab qiladi. Ulardan qolishmaydigan yangi avlod vakili Husanovning kelishini 25-30 million yevroga uddalash mumkin.
Ta'kidlash joizki, “Manchester Siti” oʻzbek futbolchisini qishki transferlar uchun asosiy nishon sifatida belgilagan. “Real” esa, jamoadagi asosiy figura Eder Militao xarakteristikasiga mos oʻyinchi olmoqchi va Husanov aynan ana shunday fazilatlarga ega himoyachidir.
Abduqodirning faoliyatini kuzatib borayotgan transfer boʻyicha mutaxassislar muhim jihatga e'tibor qaratmoqda.
Jumladan, legionerimizni oʻz safida koʻrmoqchi boʻlgan nomzodlar orasida yosh iste'dodlar bilan ishlash va ularni Evropa futbolining yangi darajasiga koʻtarishda katta tajriba toʻplagan “Bayer Leverkuzen”, “Napoli”, “Yuventus”, “Borussiya Dortmund”, “Nyukasl”, “Tottenxem” kabi klublar bor.
Ayrim mutaxassislar Husanov “Real” yoki “Manchester Siti”ga oʻtishidan avval, aynan mana shu yuqorida nomi keltirilgan klublar darajasidagi jamoalarda mahoratini charxlagani ma'qul ekanini ta'kidlamoqda.
Hurmatli muxlislar, siz nima deb oʻylaysiz, Abduqodir Husanov birdan “Real” yoki “Siti”ga oʻtgani ma'qulmi yoki avval nisbatan reytingi pastroq klublarda tajriba oshirib, keyin “katta sakrash”ni amalga oshirgani toʻgʻri boʻladimi? “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qozogʻistonda AZAL yoʻlovchilarini qutqarishda ishtirok etgan 19 kishiga davlat mukofotlari topshirildi
Harbiy tahlilchi: “Ukraina kuniga 20 kvadrat kilometrgacha hudud yoʻqotmoqda”
Toyota kompaniyasi Alphard minivenining ikkita yangi versiyasini taqdim etdi
Xitoyda metapnevmovirus grippdan keyingi ikkinchi eng koʻp tarqalgan OʻRVIga aylandi
Toshkentda 10 metrlik chuqurlikka tushib ketgan fuqaro qutqarildi
Yurak xurujining oldini olish uchun bir umrga tatigulik maslahatlar
Endi shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning elektron nusxasi ham rasman tan olinadi
Zelenskiy Ukrainada saylovlar qachon boʻlib oʻtishini ma'lum qildi