23:13 / 10.01.2025
1

“Manchester Siti” Husanov orqali “Real”ning “burnini erga ishqaladi”

“Manchester Siti” Husanov orqali “Real”ning “burnini erga ishqaladi”
Qishki transfer oynasi ochilishi bilan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinchisi Abduqodir Husanovga da'vogarlik qilgan yigirmaga yaqin klublar orasida eng mashhurlari “Manchester Siti” va “Real” edi.

Angliya va Ispaniya chempionlari nafaqat oʻyin borasida, balki futbolga aloqadar boshqa masalalarda ham gegemonlikni oʻz qoʻlida saqlab turishga katta ahamiyat beradi. Ana shu ma'noda, Husanov transferi bu ikki qudratli klub oʻrtasida oʻziga xos duel vazifasini ham oʻtadi.

Evropa, xususan, ispan futbolini yoritishga ixtisoslashgan fichajes.net portali oʻzbek futbolchisi uchun kurashda manchesterliklarning qoʻli baland kelgani “Real”ga qanday ta'sir qilganini sharhlab berdi.

- “Real” Abduqodir Husanovning yuqori darajadagi sport formasi uchun jiddiy tarzda kuzatib kelayotgan edi. Lekin muhim qarorlarni qabul qilishda Xosep Gvardiola jamoasi madridliklarni dogʻda qoldirdi.

“Manchester Siti” Fransiya chempionatida “Lans” safida porlagan oʻzbek himoyachisi uchun kurashda “Real Madrid”dan oʻzib ketdi va transfer bozoridagi qudratini yana bir karra koʻrsatib qoʻydi. Evropaning nufuzli manbalari Pep Gvardiola boshchiligidagi jamoa istiqboli porloq oʻyinchi uchun 50 million yevroni ayamagani va kelajak uchun juda katta qadam tashlaganini yozmoqda.

20 yoshli Husanov joriy mavsumda Liga 1 musobaqasining eng yorqin kashfiyoti boʻldi. Baquvvat tana tuzilishiga ega futbolchining tezkorligi, vaziyatni oldindan toʻgʻri baholay olishi, toʻp uchun kurashdan hayiqmasligi, ajoyib podkatlari, hujumni boshlab berish qobiliyati Abduqodirni Evropa futbolidagi eng talabgir himoyachiga aylantirdi.

“Real” oxirgi oylarda oʻzbek oʻyinchisini yaqin kelajakda jamoa himoyasini mustahkamlay oladigan ideal nomzod sifatida diqqat bilan kuzatib kelayotgan edi.

Biroq “Manchester Siti” yosh talantlarni olish uchun hech qanday mablagʻni ayamasligini yana bir karra namoyish qilib, hech ikkilanmasdan qimmatbaho transferga qoʻl urdi. Bu orqali Gvardiola oʻz jamoasiga katta va keng imkoniyatlarga ega markaziy himoyachini qoʻshib olyapti va bu orqali himoya chizigʻini nafaqat real vaqtda, balki yaqin bir necha yil uchun ham mustahkamlayapti.

Aslida transferlar uchun katta xarajat qilish Angliya chempionlarining doimiy strategiyasi hisoblanadi. Husanovning qoʻldan chiqarilgani “Real” transfer siyosatidagi katta omadsizlik. Chunki madridliklar klubning jahon miqyosidagi va futbol tarixidagi mavqei va obroʻsi yosh oʻyinchini oʻzlariga ogʻdirish uchun etarli, deb oʻylagandi.

Husanov masalasida bunday boʻlib chiqmadi va Abduqodir Angliya Premer-ligasining amaldagi chempioni safiga borib qoʻshiladi va Fransiya chempionatida namoyish qilgan mahoratini zamonaviy futbol vatani maydonlarida ham isbotlashga urinib koʻradi, - deb yozmoqda fichajes.net eksperti Gektor Andreu.

Ta'kidlash joizki, “Real” joriy mavsumda himoya chizigʻida etarlicha muammolarga duch kelmoqda. “Qirollik klubi” mutasaddilari kelasi mavsum oldidan himoya chizigʻini toʻliq yangilashni maqsad qilgan. Shuning uchun ham madridliklar Abduqodir Husanov transferini ham yozda amalga oshirishni moʻljallagan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport