Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasidagi debyut uchrashuvidayoq qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻydi. Xususan, “Chelsi”ning qarshi uchrashuvning dastlabki besh daqiqasida hayajonini enga olmagan yosh himoyachi “Manchester Siti” darvozasiga kiritilgan yagona golga sababchi boʻldi, bir daqiqadan keyin qoʻpolligi uchun sariq kartochka oldi va yana toʻp uzatishlari aniq chiqmadi.
Hamyurtimiz baxtiga “shaharliklar” raqib darvozasiga uchta toʻp kiritib, magʻlubiyatni gʻalabaga aylantirib yubordi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola, asosiy toʻpurar Erling Xoland oʻzbek legionerini qoʻllab-quvvatlab, iliq gaplarni aytdi, “Etixad” stadionidagi muxlislar Abduqodirni olqishlar bilan kuzatib qoʻydi.
Manchesterliklarning etakchi himoyachilaridan shveytsariyalik himoyachi Manuel Akanji ham Abduqodir Husanov uchun oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. Akanji legionerimiz bilan birga himoya markazida oʻynagan edi.
- Oʻyin davomida men Abduqodir Husanovni himoya qilishga, haqiqatan yanada qiyin ahvolga tushib qoladigan vaziyatlarni yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qildim. Ayniqsa, “Chelsi” singari kuchli jamoa va individual mahorati yuqori futbolchilarga qarshi oʻynash juda murakkab ekani uchun buni inobatga olishim kerak edi.
Dastlabki daqiqalardagi voqealardan keyin men Husanovga boʻlib oʻtgan narsalar haqida koʻp oʻylanmaslikni, oʻyinni davom ettirish kerakligini tushuntirdim. Keyingi gal Edersonga qoʻrqmay pas berishi mumkinligini, navbatdagi toʻqnashuvni yutsa, oʻziga boʻlgan ishonchi oshishini aytdim.
Boʻlgan ishlarning barchasini tabiiy hol sifatida baholash lozim.
Albatta, start ideal chiqmadi, lekin Abduqodir juda tez va yaxshi darajada tiklana oldi. “Chelsi”dek qudratli raqib bilan oʻz muxlislaring koʻz oʻngida oʻynash oson emas. Biz Husanovni maydonning oʻzidayoq qoʻllab-quvvatlashga urindik va uyogʻiga yosh futbolchi yaxshi oʻynab ketdi.
Abduqodir oʻzining eng zoʻr oʻyinini koʻrsatishga urindi, buning uchun hali oldinda juda koʻp uchrashuvlar bor, ularda albatta oʻz mahoratini namoyish qila oladi.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola Husanov bilan gaplashish uchun “rus yoki oʻzbek tilini oʻrganishimiz kerak” dedi, lekin bu muammo boʻlmaydi.
Abduqodir frantsuzchaga qaraganda ingliz tilini yaxshiroq tushunishini aytdi, shu bois men u bilan inglizcha muloqot qilyapman. U tez orada ingliz tilidagi bilimlarini kuchaytirib oladi, chunki muloqot qilishni oʻrganishi eng avvalo oʻzi uchun kerak.
Ayniqsa, til bilish biz – markaziy himoyachilar uchun zarur, chunki jamoadoshlarimizga koʻproq yordam berishimiz talab etiladi.
Bu borada Abduqodir koʻp narsani tushunadi, lekin yaxshi gapira olmaydi, bu oʻtkinchi holat, hali hammasi oʻz joyiga tushib ketadi, - dedi Manuel Akanji. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar