12:08 / 10.02.2025
17 641

Husanovning ustozi “Real”ning eng zoʻr oʻyinchisini olishni koʻzlayapti

Husanovning ustozi “Real”ning eng zoʻr oʻyinchisini olishni koʻzlayapti
Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga Evropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi oʻtish oʻyinida qit'adagi eng nufuzli musobaqa gʻolibi “Real” roʻbaroʻ keladigan boʻlgan.

Bu ikki buyuk klub bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan jamoa nomini 11 va 19 fevral kunlari boʻladigan ikkita uchrashuvda aniqlab oladi.

Oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari uchun ahamiyatli tomoni shundaki, “shaharliklar” Chempionlar ligasi qaydnomasiga Abduqodir Husanovni ham kiritdi. Yangi jamoasi safida ikkinchi uchrashuvdayoq debyut golini urgan legionerimiz murabbiylar shtabi va jamoadoshlari ishonchini oqlay boshladi.

Endi Abduqodir Husanov xalqaro musobaqa doirasida qishda oʻziga xaridor boʻlgan “Real Madrid”ga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.

Oʻz navbatida, “shaharliklar” ustozi Xosep Gvardiola boʻlajak ikki uchrashuvda oʻzi olishni koʻzlayotgan Jud Bellingemning imkoniyatlarini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻladi. Bu haqda Ispaniyaning nufuzli manbalaridan biri fichajes.net sayti ma'lum qildi.

- Karlo Anchelotti va uning shogirdlarini qishda tarkibini kuchaytirish uchun 200 million yevrodan ziyod mablagʻ sarflagan va endi madridliklar etakchisi Jud Bellingemga koʻz tikayotgan “Manchester Siti” bilan ayovsiz toʻqnashuv kutib turibdi.

Pep Gvardiola kelasi mavsumda Kevin de Bryuynening oʻrnini egallashi kerak boʻlgan Jud Bellingemni qoʻlga kiritish uchun yangi harakatlarni amalga oshira boshladi. Ispaniyalik murabbiy avval ham bir necha marotaba Bellingemning iqtidori va salohiyatini yuqori baholab, yaqin kelajakda u bilan ishlash orzusi borligini ma'lum qilgan edi.

“Manchester Siti” rahbariyati va murabbiylari shtabi Kevin de Bryuynening yoshi oʻtib qolayotgani, jismoniy muammolari koʻpligi, jarohatlarga moyilligi ortib borayotgani va tiklanishi qiyin kechayotganini inobatga olib, shartnomasi yakunlanishi bilan boshqa klublarga ketishiga qarshilik qilmaydigan boʻlgan.

- Kevin de Bryuyne, shubhasiz, biz uchun asosiy oʻyinchilardan, lekin hamkorlikning davom etishi juda koʻp omillarga bogʻliq boʻladi, - degan edi Xosep Gvardiola.

Aksincha, “shaharliklar” bir necha yildan beri jamoada oʻynab kelayotgan oʻz yulduzlari oʻrniga iste'dodli, tezkor, kurashuvchan yangi avlod vakillarini olib kelish siyosatini boshlab yubordi. Ana shu reja asosida yanvarda jamoaga Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Umar Marmush va Niko Gonsales olib kelindi.

Jud Bellingemning oʻzi Madridga uzoq yillar davomida oʻynash uchun kelgandi. Biroq yozda jamoaga Kilian Mbappe qoʻshilganidan keyin “Real”dagi debyut mavsumida jamoaning asosiy figurasiga aylangan angliyalik futbolchi oʻz-oʻzidan ikkinchi planga oʻtdi. Bu holat Bellingemga yoqmaganini joriy mavsumning birinchi qismida bir necha bor jamoadagi vaziyatdan norozi boʻlganidan bilib olish mumkin.

Transferlar boʻyicha ekspertlar ham Jud Bellingemni “Real”dan olib ketish oson boʻlmasligini ta'kidlamoqda. Chunki “Qirollik klubi” hech bir jihatdan “Manchester Siti”dan qolishmaydi. Ammo futbol biznesga aylanib ketgan bugungi kunda oldindan biron nima, deb boʻlmaydi. Bugun katta mablagʻ bilan imkonsiz ishlarni uddalash ehtimoli katta. “Manchester Siti”da esa, pul sanash boʻyicha hech qanday muammo, kamchilik, yetishmovchilik boʻlmaydi...

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport