00:28 / 16.02.2025
66 450

Endi bizda ikkita “General” bor: Biri – Husanov!

Endi bizda ikkita “General” bor: Biri – Husanov!
Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasining 25-turidan oʻrin olgan “Manchester Siti” va “Nyukasl” oʻrtasidagi uchrashuvni toʻliq oʻtkazdi.

Qizigʻi shundaki, “qargʻalar” qishki transferlar vaqtida oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritishga juda yaqin kelgandi. Husanovda keyinchalik “shaharliklar” varianti paydo boʻldi va legionerimiz Manchesterni tanladi.

Nufuzli manbalardan biri – givemesport.com jurnalisti Robin Mamford manchesterliklarning 4:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan uchrashuvda Abduqodir Husanovning harakatlariga baho berdi. Shuningdek, maqolada muxlislarning oʻzbek futbolchisiga munosabatini ham keltirib oʻtdi.

- Noxush debyut futbolchi kelajagini belgilamaydi, balki bu holatda qanday harakat qilish muhim hisoblanadi. “Nyukasl” bilan oʻyinda 4:0 hisobidagi gʻalabadan keyin Umar Marmush xet-trik sohibi sifatida matbuot sahifalaridan joy olgan boʻlsa, Abduqodir Husanov himoyadagi ishonchli oʻyini bilan olqishlarni qabul qilmoqda.

“Nyukasl”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuv 20 yoshli oʻzbek futbolchisi toʻgʻri yoʻlni tanlaganini, “Siti” unga ishonch bildirishi asosli ekanini namoyish etdi.

Umar Marmush va Erling Xoland hujum chizigʻida raqib himoyasini “yondirayotgan” bir pallada, maydonning bu tomonidagi himoyachilar oʻz ishini xotirjamlik bilan bajarayotgan edi. Bunga yorqin misol – Husanov.

20 yoshli markaziy himoyachi uzatgan 68 ta pasdan 63 tasi, ya'ni 94 foizi manzilgan aniq etib bordi, raqib jarima maydonchasi atrofiga uchta xavfli toʻp uzatilishini amalga oshirli, sakkiz marotaba himoyaviy harakatlarni bajardi, barcha yakkakurashlarda gʻolib chiqdi va biror marta raqibga aldangani yoʻq, - deb yozdi givemesport.com jurnalisti Robin Mamford.

“Manchester Siti” muxlislari Abduqodir Husanovning faol harakatlari va ishonchli oʻyinini bee'tibor qoldirgani yoʻq. Jumladan, muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi:

“Endi bizda ikkita “General” bor, biri Husanov, ikkinchisi Stouns”,

“Abduqodir aqlbovar qilmas himoyachi”,

“Husanov biz uchun yangi Vensan Kompani boʻladi”,

“Husanovning asabi metin ekan”,

“Husanov duellarda yengilmadi, birga bir vaziyatdan oʻtib boʻlmas devor ekan”,

“Abduqodir oʻz ishini xotirjam bajardi”,

“Oʻzbek himoyachisi Rikoning kamchiliklarini yopdi”,

“Husanov tezkor, jiddiy va ayovsiz oʻynaydigan himoyachi ekan”,

“Abduqodir jamoadagi oʻrnini topdi”.

Ekspertlarning fikricha, Abduqodir Husanov jamoaning etakchi markaziy himoyachilari hisoblangan Ruben Diash, Jon Stouns va Maniuel Akanji oʻrnini bemalol egallay oladi, bundan tashqari, zarur paytda oʻng qanotda Riko Lyuis pozitsiyasini ham yopa oladi.

Shuningdek, mutaxassislar uchrashuvda Abduqodir Husanov mohir toʻpurar Aleksander Isaak boshchiligidagi “Nyukasl” hujumchilari harakatini cheklab qoʻygani, iqtidorli himoyachining har qanday raqibga qarshi oʻynay olishidan dalolat ekanini ta'kidlamoqda.

Endi “Manchester Siti”ni oldinda ikkita murakkab toʻqnashuv kutib turibdi. “Shaharliklar” 19 fevral kuni Madridda “Real” mehmoni boʻladi. 23 fevralda esa, manchesterliklarni Premer-liga peshqadami “Liverpul” bilan uy uchrashuvi kutib turibdi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ushbu boʻlajak bellashuvlarda Abduqodir Husanovga bemalol ishonch bildirishi mumkin...

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport